Tadbirkor va mijoz o‘rtasida ishonch qanday mustahkamlanadi?
Raqobat qo‘mitasi tomonidan "German Sparkassenstiftung" tashkiloti ko‘magida, Savdo-sanoat palatasi hamda Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan hamkorlikda “Biznes rivojining asosiy omili — mijozga sodiqlik va iste’molchilar huquqlari ustuvorligi” mavzusida xalqaro trening o‘tkazildi.
Tadbirda savdo, tibbiyot va farmatsevtika, umumiy ovqatlanish, uy-joy qurilishi hamda raqamli xizmatlar kabi turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 100 ga yaqin tadbirkorlik sub’ekti vakillari, shuningdek, mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
Treningni Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari U. Davlatov ochib berib, tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni “Biz sizni eshitamiz” platformasi, hududlardagi uchrashuvlar va ochiq muloqotlar orqali izchil davom ettirilayotganini ta’kidladi hamda mijozga yo‘naltirilgan yondashuv, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va halol raqobat tamoyillarini mustahkamlash zamonaviy biznes uchun muhim vazifalardan biri ekanini qayd etdi.
[gallery-31574]
Trening davomida xalqaro va milliy ekspertlar iste’molchilarga yo‘naltirilgan biznesni shakllantirish, mijozlar ishonchini mustahkamlash, savdoni oshirishning samarali usullari va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Jumladan, “German Sparkassenstiftung” tashkilotining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va raqobat bo‘limi boshlig‘i, xalqaro biznes trener Lia Grauberger, “Marketbridge” va “Marketbridge Events” kompaniyalari asoschisi Akmal Nasriddinov, O‘zbekiston biznes va sanoat kengashi raisi, “Toy bola” brendi asoschisi Anvar Abduqayum hamda “korzinka.uz” yuristi Oybek Muhammadrasul turli mavzularda ma’ruzalar qildi.
Ma’ruzalarda biznesni iste’molchilar ehtiyojlariga moslashtirish, mijozlar bilan ochiq va samarali munosabat o‘rnatish, iste’molchilar huquqlarini ta’minlash, halol raqobatni rag‘batlantirish hamda yangi normativ-huquqiy talablarni amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar milliy va xalqaro tajriba asosida iste’molchilarga yo‘naltirilgan biznes modellarini rivojlantirish, mijozlar ishonchi va sodiqligini oshirish, savdo hamda xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
N. Rahmonova, O. Pardayev (surat), O‘zA