Tadbirkor MIBni aldamoqchi bo‘ldi...
Majburiy ijro byurosi Toshloq tuman bo‘limi ish yurituvida Marg‘ilon shahar tumanlararo iqtisodiy sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor korxonadan 4 mln. so‘m davlat boji undirish haqida, shuningdek, tadbirkor foydasiga 15,3 mln. so‘m, 10,1 mln so‘m soliq qarzi undirish bo‘yicha jami 7 ta ijro hujjatlari mavjud bo‘lgan.
Bir emas, naqd 7 ta ijro hujjati bo‘yicha qariyb 30 mln. so‘m qarzi bo‘la turib, qarzdor MCHJ mas’ullari tomonidan qarzdorlikni to‘lashga qaratilgan hech qanday choralar ko‘rilmagan.
Majburiy ijro harakatlari davomida jamiyat bank hisob raqamlari, mol-mulklari va transport vositalari tekshirilgan, lekin undirish imkoniyati yo‘qligi sababli ijro hujjatlari vaqtincha harakatdan to‘xtatilgan.
Shu yerda qarzdor jamiyat qo‘pol bir xatolikka yo‘l qo‘ygan, ya’ni ijro hujjatlari «o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketgan» degan xomxayolga berilib, jamiyat mas’ullari jamiyat balansiga «Damas» rusumli va «Neksiya» rusumli davlat belgili transport vositalari kiritilgan.
Mazkur transport vositalariga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, Byuroning viloyat boshqarmasi qidiruv sho‘basi inspektorlari tomonidan joriy yilning 19 fevral kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘ona shahrida harakatlanib ketayotgan vaqtida «Damas» rusumli transport vositasi ushlangan va jarima maydonchasiga olib kirilgan.
Oradan bir yildan ortiq vaqt o‘tib, «jilovidan» tutilgan qarzdor jamiyat mas’ullari 19 fevral kunning o‘zidayoq 7 ta ijro hujjatlari bo‘yicha to‘lovlarni to‘lashga kirishib ketdilar, faqat 29,4 mln. so‘m qarzlardan tashqari 1,2 mln, so‘m ijro yig‘imi va 2 mln. 245 ming so‘m ma’muriy jarimani qo‘shimcha to‘lab berishlariga to‘g‘ri keldi.
Tadbirkorlar shuni unutmasliklari lozimki, zimmalaridagi soliq qarzlari va boshqa majburiy bo‘lgan to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari ularning o‘z mol-mulklarini erkin tasarruf etish huquqini cheklaydi.
O‘zA