Tadbirkor foydasiga 1,3 milliard so‘m undirildi
Qarzni ixtiyoriy to‘lash uchun berilgan muddat natija bermadi. Shundan so‘ng majburiy ijro choralari ishga solinib, tadbirkorlik sub’ekti foydasiga qariyb 1,3 milliard so‘m to‘liq undirildi.
Sud qarori qabul qilinishi — ishning bir bosqichi, uning amalda ijro etilishi esa yanada muhim jarayon. Sirdaryo tumanida «E.G.A» MCHJ foydasiga undirilishi lozim bo‘lgan yirik miqdordagi qarzdorlik ham davlat ijrochilarining sa’y-harakatlari natijasida to‘liq qoplandi.
Sud qaroriga asosan, qarzdor korxonadan undiruvchi «E.G.A» MCHJ foydasiga 1 milliard 298 million so‘m undirish belgilangan edi. Biroq qarzdor korxona belgilangan muddatda majburiyatni ixtiyoriy bajarmadi.
Shundan keyin Majburiy ijro byurosi Sirdaryo tuman bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan majburiy ijro harakatlariga kirishildi. Qarzdor korxonaning bank hisobvaraqlariga band solindi, unga tegishli mol-mulklar xatlandi. Qo‘llanilgan choralar qarzdorlikni undirish jarayonida muhim ahamiyat kasb etdi.
Natija esa aniq: 1 milliard 298 million so‘m qarzdorlik to‘liq undirilib, undiruvchi korxonaning bank hisobvarag‘iga o‘tkazildi. Shu tariqa, tadbirkorning qonuniy talabi qanoatlantirilib, sud qarori ijrosi amalda ta’minlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri