Tadbirkor ayol timsoli qanday bo‘lishi kerak?
“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi haftaligi doirasida “Zamonamiz tadbirkor ayoli timsoli badiiy asarlarda” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishbilarmon ayollar, kinoijodkorlar, teatr arboblari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar tomonidan bugungi kunda tadbirkor ayollar haqida yaratilgan filmlarning aksariyati tomoshabinni zeriktirishi, ularda ayolning ichki dunyosi, hayotga qarashlari, faoliyatidagi to‘siqlar, yutuqlari, oila a’zolarining qo‘llab-quvvatlashi kabi jihatlar ishonarli tarzda ochib berilmagani tanqid ostiga olindi. Kelgusida tadbirkor ayol siymosini ochib beruvchi filmlarda nimalarga e’tibor berish kerak, degan savol yuzasidan fikr-mulohazalar, takliflar bildirildi.
– Tadbirkor ayol haqida film olayotganda ayolning taqdiri g‘alaba bilan tugashi kerak, film so‘nggida to‘y-tomosha bo‘lishi shart, degan cheklovlarni olib tashlash lozim. Ayolning og‘riqlari, yo‘lidagi to‘siqlar ishonarli obrazlar orqali ochib berilsa, menimcha bunday filmlarni hamma sevib tomosha qiladi, – deydi yozuvchi Qo‘chqor Norqobil.

Rejissyor Ibroxim Rasulov kino rost narsani yolg‘onga, yolg‘onni esa rostga aylantirish qudratiga ega ekani, ayrim aktrisalarimizning qo‘liga ssenariy bersangiz, uni o‘qib bir kundayoq rol o‘ynashga tayyor bo‘lishi, vaholanki, san’atkor rol o‘ynashi emas, obraz ichida yashashi kerakligi, ishbilarmon ayol obrazini yaratadigan aktrisalar ham obraz yaratishdan oldin tadbirkorlar hayotini, faoliyatini o‘rganishi zarurligiga e’tibor qaratdi.
Yozuvchi Nazar Eshonqul fikriga ko‘ra, qanday film yaratishimizdan qat’iy nazar, millatning o‘z qadriyatlari, mentaliteti borligini unutmaslik kerak.
— bugungi kun tadbirkor ayoli zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishi, boshqaruvchanlik metodlarini puxta egallagan bo‘lishi kerak, — deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi Gulnora Mahmudova. — Ayol jamiyat orasida ishbilarmon qiyofada ko‘rinsa, oila a’zolari orasida ona, rafiqa, kelin obrazida namoyon bo‘ladi. Bunday filmlarga qahramon bo‘ladigan ayollar oramizda juda ko‘p. Ssenaristlar, rejissyorlar film yaratishdan oldin biz bilan maslahatlashsin. Ayollarimiz hayotini o‘rgansin, ular bilan hamkorlik qilishga hamisha tayyormiz.

Nigora Rahmonova, O‘zA