“Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi binodan chiqarilyaptimi?
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlar,ayrim xususiy saytlarda "Tadbirkor ayol" assotsiatsiyasi ko‘chada qolmoqda” sarlavhasi ostida chiqishlar bo‘lmoqda.
Ularda O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi hozir faoliyat ko‘rsatayotgan Toshkent shahridagi Shayxontohur tumani, Furqat ko‘chasi, 1- uyning 5- qavatidan noma’lum muddatga ko‘chib ketishi talab qilinayotgani aytilmoqda.
O‘zA muxbiri mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida muammoni o‘rgandi.
– Tashkilotimiz munosib sharoitda faoliyat ko‘rsatishi uchun 2014 yilda hukumatimizdan joy so‘ralgan va shu yili Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasiga Furqat ko‘chasi, 1-uyning 5- qavatidan joy ajratilgan, –deydi O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi rahbari Gulnora Mahmudova. –Hozir binoda rekonstruksiya ishlari boshlangan. Bu ishlarni boshlashdan avval “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi xodimlarini boshqa binoga vaqtinchalik ko‘chirib turish haqida hech kim bosh qotirmadi. Xullas, bugungi ahvolimiz bizni chuqur tashvishga solmoqda. Gap tashkilotni qayerga joylashtirishda emas, balki unga bo‘layotgan munosabatda.

Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi direktori Otabek Husanovga murojaat qildik.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining 9-bandida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida nodavlat notijorat tashkilotlarining hududiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, bo‘shab yotgan va samarali foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlari negizida “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ni tashkil etish vazifasi yuklatilgan edi, –deydi O. Husanov. –Qayd etilgan farmonning ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahri, Shayxontoxur tumani, Furqat ko‘chasi, 1- uyda“NNT uyi” tashkil etish bo‘yicha Toshkent shahar hokimining qarori qabul qilingan.
Jamoat fondining moliyaviy ko‘magida (davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida) 2018 yilda Xorazm viloyati, Urganch shahrida 30 nafardan ortiq NNTlar uchun “NNTlar uyi” tashkil etildi.
bugungi kunda respublikaning Xorazm, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida “NNT va do‘stlik uyi” tashkil etilib, mazkur binoga nodavlat notijorat tashkilotlari va milliy madaniy markazlar joylashtirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida “NNT va do‘stlik uyi” binolarining rekonstruksiya ishlari yakunlangan, xonalarni jihozlash, telefon va internet tarmog‘i ulash ishlari olib borilmoqda.
Mazkur binolarga yangi tashkil etilgan, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarda o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan faol nodavlat notijorat tashkilotlari ijara to‘lovining “nol” stavkasi qo‘llangan holda joylashtirilmoqda.
Toshkent shahridagi rekonstruksiya ishlari boshlangan binoning to‘liq rekonstruksiya ishlari uchun 29 milliard so‘m mablag‘ Toshkent shahar mahalliy byudjetidan ajratilishi belgilangan. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2021 yil 15 apreldagi qarori bilan 10 mlrd. so‘m ajratilgan va binoning qurilish- montaj ishlari boshlangan. Qurilish -montaj ishlarini yakunlash muddati 2021 yil 1 sentyabrgacha belgilangan.
Shayxontoxur tumani, Furqat ko‘chasi, 1- uy “NNT uyi”ga aylangach, bu yerga O‘zbekiston NNT milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, “O'zbegim yoshlari” ansambli, “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi, “Nogironlar” assotsiatsiyasi, “Mehr-shafqat va salomatlik” jamg‘armasi, “O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi”, “Demokratiya va inson huquqlari instituti”, “Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi” va shu kabi 30 dan ortiq NNTlarni ijara to‘lovining “nol” stavkasi qo‘llangan holda joylashtirish belgilangan.
Shuningdek, “Tadbirkor ayol” ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasiga davlat tomonidan muntazam ravishda ko‘mak berilib borilyapti. Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan 2010-2020 yillar davomida «Tadbirkor ayol» assotsiatsiyasi va uning hududiy bo‘linmalari 1 milliard 737 million so‘m miqdorida davlat granti va davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida moliyalashtirilgan.
Joriy yilning 1 sentyabrigacha, ya’ni O‘zbekiston mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami arafasida Shayxontohur tumani, Furqat ko‘chasi, 1- uyda “NNT uyi” tashkil etiladi va ijara to‘lovining “nol” stavkasi qo‘llangan holda “Tadbirkor ayol” ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi o‘z joyiga qaytadi.
Mutasaddilarning aytishicha, asossiz gap-so‘zlar,shov-shuvlarga o‘rin yo‘q. Mamlakatimizda xotin-qizlar ijtimoiy faolligini oshirish, ularning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi binoda ta’mirlash ishlari tugagach, qayta avvalgi joyiga ko‘chib o‘tadi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA