Xorazm viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tadbirkorlik sub’ektlaridan biri bojxona to‘lovlarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlaganligini fosh qilishdi.
Gap shundaki, Shovot tumanidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlaridan birining rahbari Turkmanistondan shartnoma asosida bir necha bor plastik quvurlar olib kiradi. Ammo quvurlarning shartnoma, bojxona yuk deklaratsiyalari va yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilgan narxlari sezilarli ravishda arzon ko‘rsatilganligi bojxona xodimlarining diqqatini tortadi.
Ma’lumki, O‘zbekiston va Turkmaniston bojxona xizmatlari o‘rtasida o‘zaro faol axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Shundan foydalangan holda qo‘shni davlat bojxona xizmatidan olingan ma’lumotlar shubhalarni tasdiqladi.
Qarang-ki, yuqoridagi holatda plastik quvurlar yuzasidan turkmanistonlik hamkasblardan olingan eksport bojxona yuk deklaratsiyasi bilan O‘zbekiston bojxona organlariga taqdim qilingan deklaratsiya o‘rtasida tafovut aniqlandi.
Sodda qilib aytganda, Xorazm viloyat bojxona boshqarmasiga taqdim qilingan deklaratsiya va boshqa hujjatlarda tovarlarning narxi sun’iy ravishda pasaytirilgan, hujjatlardagi imzo va muhrlar esa soxtalashtirilgan.
Shu zaylda yuk egalari davlat byudjetiga undirilishi lozim bo‘lgan 1 mlrd 134 mln so‘m mablag‘ni “tejab qolmoqchi” bo‘lishgan.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Xiva tuman sudining sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi.
Sud hukmiga binoan 1 mlrd 134 mln. so‘m bojxona to‘lovlari davlat byudjetiga to‘liq undirildi hamda MCHJ rahbari bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarimaga tortildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri