Tadbirkor 10 ish o‘rni yaratdi
Buxoro viloyati Diyor mahallasida istiqomat qilayotgan mirishkor dehqonlardan biri Nizom Husniddinov tashlandiq yotgan chog‘roq yerni tasarrufiga olib, unda aynan biogomus tayyorlashga kirishdi.
Erta bahorgi yog‘ingarchiliklar tufayli tuproq ostidagi hasharot va chuvalchanglar organik massalarga o‘rmalashib, yer yuzasiga chiqadi. Tadbirkor o‘zi tayyorlagan yerda yomg‘ir chuvalchangi uchun maxsus suv sepish moslamalarini o‘rnatib, o‘g‘itdagi namlikni barqaror saqlagan holda chuvalchanglarni ko‘paytirib, organik o‘g‘it tayyorlamoqda.

Zaminimizda chuvalchangning 4 turini uchratish mumkin. Ammo ulardan faqat bir necha turigina biogomus uchun yaroqli hisoblanadi. Chuvalchanglar ko‘p urug‘ hosil qiladi. “Qizil Kaliforniya chuvalchangi” mahalliy “yovvoyi” chuvalchangga nisbatan juda faol va serpushtdir. Agar uning ozuqasi yetarli bo‘lsa, “uyi”ni tark etib ketmaydi. Uzunligi 99 millimetrgacha, tana diametri 3-5 millimetr bo‘lib, qulay sharoitda har 7 kunda urug‘laydi.

–Dastlab atigi 3 kvadrat metr hajmda olib kelingan “Kaliforniya qizil yomg‘ir chuvalchanglari”ni tashlandiq yerni tayyorlab, 24 kvadrat metr joyga biogomus o‘g‘it-mahsulotini yetishtirish uchun yoyib chiqib, qarovini olib bordik, –deydi Nizom Husniddinov. –Buning uchun 4,5 million so‘m sarmoya sarflandi. Uch nafar mavsumiy ishchi o‘rni yaratib, 8 oy mobaynida 62 million so‘m daromad olishga muvaffaq bo‘ldik. Bugunga kelib biogomus ishlab chiqarish maydonini 50 sotixga yetkazganmiz. Joriy yil yakuniga qadar qishloq xo‘jaligi dehqonchiligi uchun 100 million so‘m sof foyda olishni maqsad qilganmiz.
Organik biogomus tayyorlashni barqaror izga solayotgan tadbirkor Nizom Husniddinov endilikda o‘z tomorqasida faoliyatni kengaytirib, 10 nafar doimiy ishchi o‘rni yaratdi. Shu maqsadda u ijtimoiy tarmoqda organik modda tayyorlash uslubi va tadbirkorlik faoliyatini yorituvchi telegramm kanalini tashkil etdi. Mazkur kanal orqali hozir boshqa mahalla va qishloqlardagi tomorqa xo‘jaliklariga ham sifatli biogomus mahsulotini yetkazib berishni yo‘lga qo‘ymoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri