So‘nggi yillarda mamlakatimizda kitobxonlikni targ‘ib etish, yoshlarda adabiyotga muhabbat uyg‘otish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Sirdaryo viloyatining markazi — Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida shunday samimiy ruhdagi uchrashuv — yozuvchi va tarjimon, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Dilfuza Qarshiboyevaning “Jannatdagi sirdoshim” nomli yangi kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limining rahbari Noriniso Qosimova ochib, adabiyotning inson ma’naviyatini boyitishdagi o‘rni haqida so‘z yuritdi. Maktab direktori, senator Pokiza Axmedjanova esa bunday ilhomli uchrashuvlar yosh avlodning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo o‘z so‘zida adibaning hayot va ijod yo‘li haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, Dilfuza Qarshiboyevaning “Ko‘nmagan ko‘ngil” nomli ilk kitobi ham keng o‘quvchilar muhabbatiga sazovor bo‘lgan.

– Dilfuza Qarshiboyeva Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Ijodiy faoliyatini Sirdaryo televideniyesi va “Sirdaryo haqiqati” gazetasida boshlagan. "Turksoy" tashkiloti mukofoti, “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni kabi nufuzli mukofotlar sohibi. Hozirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi nazorat-tahlil bo‘limiga rahbarlik qilmoqda. Ishonchim komil, yozuvchining “Jannatdagi sirdoshim” asari ham o‘quvchilar qalbidan joy oladi, – dedi Minhojiddin Mirzo.

Taniqli adabiyotshunos, professor Qozoqboy Yo‘ldosh ham adibaning “Jannatdagi sirdoshim” kitobiga to‘xtalar ekan, uning bolalik xotiralari, ona mehri, qadriyatlar va inson qalbidagi nozik tuyg‘ularni jonli va ta’sirchan ifoda etganini alohida ta’kidladi.
– Bu asar sizni o‘tmishga qaytarib, qalbingizni uyg‘otadi. Har bir hikoya, esseda hayotning o‘zi yashaydi, – dedi u.

Taqdimotda so‘z olgan shoira Bahor Xolbekova, jurnalist Aliqul Xonimqulov, yozuvchi Risolat Haydarova va boshqalar asarning badiiy, ma’naviy va tarbiyaviy qiymati haqida to‘lqinlanib gapirdilar. Ular kitobdagi rus yozuvchilari Yuriy Bondarev, Qirg‘iz yozuvchisi Sulton Rayev, O‘zbekistonda ijod qilayotgan rus yozuvchisi Nikolay Ilin kabi mualliflar asarlari adiba tomonidan o‘zbek tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilinganini qayd etdilar.
Eng muhimi, kitob sahifalarida sabr, muhabbat va qalb dardi bilan yozilgan satrlar o‘quvchilar qalbidan munosib joy olmoqda. Yozuvchi kitobdagi maktublardan birida shunday yozadi:
“Onajon, jannatdagi sirdoshim, ishoning, endigi maktublarim faqat baxtli onlarim, shirin farzandlarim haqida bo‘ladi. Ruhingiz shod bo‘ladi, inshoolloh.”
Tadbir yakunida Minhojiddin Mirzo tomonidan Dilfuza Qarshiboyevaga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining esdalik sovg‘alari topshirildi. Ustozlar, yaqinlar va kitobxonlar unga samimiy tilaklar bildirishdi. Taqdimot she’riy mushoira va dilbar kuy-qo‘shiqlar bilan yanada tantanali ruhda o‘tdi.
Tadbir yakunida kitob muallifiga so‘z berildi. U o‘zini hurmat bilan kutib olgan yurtdoshlari va sirdaryolik ijodkorlarga chin ko‘ngildan minnatdorlik bildirdi. Ustozi, taniqli yozuvchi Orziqul Ergashga ehtirom ramzi sifatida to‘n yopdi. Shuningdek, o‘zi ta’lim olgan Guliston tumanidagi 9-sonli umumta’lim maktabiga kitoblar to‘plamini sovg‘a qildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri