Tabiiy toshga zamonaviy ishlov berilmoqda
FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyati Nurota tumani G‘ozg‘on shahridagi «USTO-ZIKRIYO» xususiy korxonasida marmar va granit mahsulotlarini qayta ishlash, ulardan zamonaviy qurilish va bezak buyumlari tayyorlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Ubaydullo Baqoyev rahbarlik qilayotgan korxona mustaqillik yillarida o‘z faoliyatini boshlagan. Bugungi kunda bu yerda tabiiy toshga zamonaviy texnologiyalar asosida ishlov berilib, qurilish uchun qoplama plitalar, fasad bezaklari, arxitektura elementlari, interer va eksterer mahsulotlari tayyorlanmoqda.
Ishlab chiqarish jarayonlarida zamonaviy uskunalardan foydalanilayotgani mahsulot sifatini yaxshilash va mehnat unumdorligini oshirish imkonini bermoqda. Mahalliy xomashyoni qayta ishlash esa mahsulot tannarxini maqbullashtirish va uning raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
[gallery-31311]
Korxonada buyurtma asosida turli hajm va shakldagi tosh mahsulotlari ham tayyorlanadi. Bu esa mijozlar ehtiyojidan kelib chiqib, mahsulot turlarini kengaytirish imkonini bermoqda.
Ayni paytda korxonada ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va eksport yo‘nalishini kengaytirish bo‘yicha rejalar belgilangan.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA