Tabiiy ofatlar xavfi va iqlim o‘zgarishi
Toshkentda global muammolarga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida “Tabiiy ofatlar xavfini baholash va iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun tizimli tahlil” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda global isish, atmosferadagi issiqxona gazlari miqdorining oshib borishi va global iqlim o‘zgarishlari butun dunyo qatori Markaziy Osiyo mintaqasida ham jiddiy ekotizim muammolarini keltirib chiqarmoqda. Qurg‘oqchilik, sel kelishi, ko‘chkilar va suv tanqisligi kabi tabiiy ofatlarning oldini olish, ularning salbiy oqibatlarini baholash hamda zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash bugungi kunning eng dolzarb va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalaridan biriga aylandi. Mazkur xalqaro anjuman ana shunday global chaqiriqlarga qarshi kurashishda ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Bunday murakkab ekotizim muammolari hech qachon bitta davlatning chegarasi bilan cheklanib qolmasligi barchamizga ayon. Shu boisdan ham transchegaraviy xavflarni bartaraf etish va global tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish uchun xalqaro hamkorlikni kuchaytirish talab etiladi.
Aynan shu maqsadlarni o‘zida mujassam etgan mazkur nufuzli anjumanda dunyoning yetakchi davlatlaridan taniqli olimlar, soha mutaxassislari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari jam bo‘ldi. Xususan, konferensiyada O‘zbekiston bilan bir qatorda Rossiya, Avstriya, Ispaniya, Germaniya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya va Pokiston kabi davlatlardan kelgan ilmiy doira vakillari o‘zlarining fundamental va amaliy tadqiqot natijalarini muhokama qilmoqda. Bu bilan turli mintaqalarning o‘ziga xos tabiiy-iqlimiy sharoitlarini hisobga olgan holda yagona ilmiy platforma va tajriba almashish imkoniyati yaratilayotir.

Xalqaro forumning asosiy muhokama yo‘nalishlari zamonaviy ilm-fanning eng ustuvor vazifalarini to‘laqonli qamrab olgan bo‘lib, unda tabiiy va iqlimiy xavflarni baholash hamda kamaytirishning zamonaviy usullari, ya’ni ilg‘or matematik modellashtirish, geoinformatsion tizimlar va fazoviy monitoring texnologiyalaridan foydalanish masalalari tahlil qilinmoqda.
Shu bilan birga, tabiiy ofatlar oqibatlarini oldindan aniqlash, erta ogohlantirish tizimlarini takomillashtirish, qishloq va suv xo‘jaligi hamda infratuzilma tarmoqlarini o‘zgarib borayotgan iqlim sharoitiga moslashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Qolaversa, tuproq degradatsiyasi va cho‘llanish jarayonlarini jilovlash hamda biologik xilma-xillikni saqlab qolish orqali degradatsiyaga uchragan ekotizimlarni qayta tiklash masalalari ham konferensiyaning markaziy mavzularidan biridir.
Yuqoridagi barcha yo‘nalishlar va ilmiy izlanishlarning uyg‘unlashuvi mamlakatimiz hamda butun Markaziy Osiyo mintaqasining ekologik xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Mazkur xalqaro ilmiy anjuman o‘z ishini joriy yilning 23-oktabr kuniga qadar davom ettiradi va uning yakunlari bo‘yicha ishlab chiqiladigan amaliy tavsiyalar hamda ilmiy xulosalar sohada kelajakdagi strategik qarorlar uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
[gallery-32094]
Mohigul Qosimova,
Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA