Tabiiy hududlar muhofazasi davlat eʼtiborida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan matbuot anjumani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga bagʻishlandi.
Qaror va ijro
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan matbuot anjumani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga bagʻishlandi.
Mazkur qaror yurtimizning oʻziga xos, noyob, qimmatli tabiiy obyektlari va majmualarini, oʻsimliklar va hayvonlarning irsiy fondini saqlab qolishda muhim huquqiy hujjat ekani qayd etildi.
Yurtimiz tabiatini asrash va atrof-muhitni muhofaza qilish – bugungi kunning dolzarb vazifalaridan. Buning boisi shuki, oʻtgan davr mobaynida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bir necha idoralar tasarrufida boʻlgan. Ularni boshqarish va bu borada mavjud muammolarni hal qilish haminqadar yoʻlga qoʻyilgan.
– Yangi qaror ijrosi mazkur sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirish imkoniyatini berdi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Halilulla Sherimbetov. – Bunda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni davlat tomonidan boshqarish tizimi samaradorligini oshirish, ularni yanada rivojlantirish maqsadida Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tasarrufida boʻlgan Chotqol biosfera, Zomin, Surxon, Nurota va Qizilqum davlat qoʻriqxonalari, shuningdek, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati qoʻmita tizimiga oʻtkazildi. Oʻz navbatida, qoʻmitaning Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari boshqarmasi negizida Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bosh boshqarmasi tashkil etildi. Ayni chogʻda shu qaror bilan tasdiqlangan “2019-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlari tizimini rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” amalga oshirilmoqda. Ilmiy va kadrlar salohiyatini oshirish ham alohida eʼtiborda. 45 nafar xodim malaka oshirish kurslarida taʼlim oldi va hozir bu jarayon davom ettirilmoqda.
Anjumanda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi muhofaza etiladigan 5 ta tabiiy hududda amalga oshirilayotgan ishlar va vazifalar xususida ham atroflicha maʼlumot berildi.