Tabiiy gaz jihozlari nega nazoratdan o‘tkaziladi
Surxondaryo viloyatida "Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali mutaxassislari aholi va ulgurji iste’molchilarning gaz jihozlarini nazoratdan o‘tkazib, foydalanish uchun xavfsiz holga keltirmoqda.
Iste’molchilarning gaz jihozlaridan oqilona va xavfsiz foydalanishi baxtsiz hodisalarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Boisi, andakkina e’tiborsizlik ham noxush holatlarga sabab bo‘lishi, turli dilxiralikni keltirib chiqarishi mumkin.

– Ba’zi iste’molchilar gaz jihozlarida nosozlik kuzatilgach, gaz ta’minoti xodimlari xonadoniga tez yetib kelib, xizmat ko‘rsatmaganidan norozi bo‘lib, murojaat etadi, – deydi "Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali servis xizmatini rivojlantirish bo‘limi mas’ul xodimi Sh.Tohirov. – Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12-yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 2-ilovasida “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari” belgilab qo‘yilgan. Unda gazdan foydalanish uskunalarini iste’molchilarning yozma yoki elektron buyurtmalari asosida gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan tasdiqlangan tariflar bo‘yicha ta’mirlash muddatlari bayon qilingan bo‘lib, xizmat ko‘rsatish muddati holatning xavflilik darajasiga qarab belgilanadi.

Bu jarayonda iste’molchi xonadonida tabiiy gaz sizib chiqish holati kuzatilsa, soha xodimi darhol borib xizmat ko‘rsatishi kerak. Ovqat tayyorlash yoki isitish mavsumida isitish uchun mo‘ljallangan gazdan foydalanish uskunalarining nosozligida bir kun davomida xizmat ko‘rsatiladi. Issiq suv va isitish uchun mo‘ljallangan gazdan foydalanish uskunalarining nosozligida (isitish mavsumidan tashqari vaqtda) ikki kun, gazdan foydalanish uskunalarini almashtirishda esa besh kun davomida xizmat ko‘rsatilishi zarur. Pirovardida bu ishlarning barchasi iste’molchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgani ahamiyatlidir.
Gaz jihozlarini texnik va profilaktik ko‘rikdan to‘liq o‘tkazish nafaqat soha xodimlari balki, iste’molchilardan ham jiddiy e’tibor va mas’uliyat talab etishini yoddan chiqarmaslik lozim. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Surxondaryo viloyatida aholi va ulgurji iste’molchilarning foydalanishida 408 ming 960 ta gaz jihozlari mavjud. Kuz boshlanishi bilan 20 ming 147 ta xonadon va ob’ektlardagi 23 ming 132 ta gaz jihozlarining ishlash holati nazoratdan o‘tkazildi. Ularning 17 ming 279 tasi aholi xonadonlaridagi gaz jihozlari texnik, 4 ming 24 ta xonadondagi uskunalar esa profilaktik sinab ko‘rildi. Shuningdek, gaz ta’minoti korxonasi bilan tegishli tartibda shartnoma tuzgan 98 ta ulgurji ob’ektlardagi foydalanishda bo‘lgan gaz jihozlari ham ko‘rikdan o‘tkazilib, xavfsizligi ta’minlandi. Viloyatda gaz jihozlari va uskunalarini ko‘rikdan o‘tkazish davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri