Tabiatni shikastlamang, jarimasidan dod, deysiz
Surxondaryoliklar ko‘klam go‘zalligidan zavqlanib, tabiatga o‘zgacha mehr, quvonch bilan boqayotgan, bo‘sh yerlarga ko‘chat qadayotgan bahor faslining ilk kunlarida Uzun tumanida yashaydigan Jovmurodboy Og‘ayev (ism-sharif o‘zgartirildi) atrof-muhitga yetkazgan zarari uchun naqd 21 million so‘m jarima to‘laydigan bo‘ldi.
Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasidan xabar qilishlaricha, u o‘zi ishlaydigan Istiqlol mahallasidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti hududidan bir tup aylant hamda bir tup chinor daraxtining yuqori shoxlarini tegishli ruxsatnomasiz kesib, ikkala daraxtga ham jiddiy shikast yetkazadi. Bir tup qurigan aylant daraxtini qo‘porib tashlaydi.

Mazkur holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga muvofiq Jovmurodboy Og‘ayevga 18 million 750 ming so‘m jarima jazosi qo‘llanilib, tabiatga yetkazilgan zarar uchun ikki million 250 ming so‘m tovon puli undirish belgilandi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri