Ona tabiatni asrash, atmosfera musaffoligini saqlash global muammoga aylandi. Mutaxassislar mazkur muammoni bartaraf qilishning bir qator choralarini ilgari surmoqda. Mamlakatimizda ham bu borada amaliy harakatlar olib borilmoqda. Lekin...
Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yakunlanayotgan yilda viloyat miqyosida fuqarolar hamda yuridik shaxslarga nisbatan tabiatga zarar yetkazgani uchun jarimalar qo‘llanilgan. Jumladan, xazon yoqish bo‘yicha 88 ta holatda 89 million 40 ming so‘m, binokorlik va qurilish materiallarini yoqish bo‘yicha 1156 ta holatda 143 million 894 ming so‘m, belgilanmagan joyga chiqindi tashlash bo‘yicha 1634 ta holatda 587 million 660 ming so‘m, noqonuniy daraxt kesganlik uchun 223 ta holatda 375 million 750 ming so‘m, ochiq suv havzasini ifloslantirganlik uchun 109 ta holatda 108 million 450 ming so‘m jarima undirilgan.
Xo‘sh, bu jarimalar, millionlab so‘m miqdoridagi mablag‘lar tabiat musaffoligini asrashga xizmat qiladimi? Boshqacha aytganda, yetkazilgan zarar o‘rnini qoplashga yetadimi? Aslo yo‘q! Jarima o‘z nomi bilan – jarima! Ya’ni kodekslar, qonunlarda belgilangan jazo turi xolos. Aslida yuz, ming yillar davomida bunyodga kelgan tabiiy jarayon, soflik va mukammallik o‘rnini hech narsa bilan almashib bo‘lmaydi. “Agar dunyoda chang bo‘lmasa, inson ming yil umr ko‘radi”, deb aytgan edi buyuk alloma Abu Ali ibn Sino. Atrof-muhit musaffoligini ta’minlashda esa daraxtzor va butazorlar, ko‘kalamzorlashtirilgan maydonlar tengsiz ko‘makchi hisoblanadi. Ular havodagi zararli gazlarni yutib, o‘rniga kislorod ishlab chiqaradi, butun insoniyatning nafas olishiga yordam beradi. Jaziramada soya-salqini bilan jonga ora kiradi.
Ekologlarning aytishicha, keyingi 50 yilda sayyoramizda millionlab yillar davomida shakllangan biologik xilma-xillik qariyb 50 foizga kamayib ketgan, inson tomonidan hosil qilinayotgan chiqindi miqdori 2 ming barobar ko‘paygan.
– Endigi bosh masala – kishilarda tabiatga g‘amxo‘rlik tuyg‘ularini yuksaltirish, ekologik madaniyatni shakllantirishdan iborat. Bunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yil sayin ommalashib borayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi katta ahamiyatga ega, – deydi Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Anvarjon Ashurov. – Yurtimizni yashillikka burkash, mavjud tabiiy muhitni ko‘z qorachig‘idek asrash har bir yurtdoshimizning muqaddas burchiga aylanishini istardim. Garchi viloyat bo‘ylab tinimsiz reydlar uyushtirayotgan bo‘lsak-da, turli usullarda targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsak-da, tabiatga zarar keltiruvchilar soni kamaymayotgani afsuslanarli. Ayni kunda viloyatda “Yashil makon” loyihasi asosida ekilgan nihollar, yashash joylaridan uzoq hududlarga qadalgan ko‘chatlar alohida nazoratga olingani e’tiborga loyiq. Boshqarma mutasaddilari va tuman-shahar bo‘limlari mas’ullari tomonidan reja asosida ish olib borilmoqda.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri.