Tabiati xushmanzara shahar kimga yoqmaydi?
22 sentyabr jahon miqyosida "Avtomobilsiz kun" sifatida nishonlandi.
Shu kuni avtotransport egalari avtomobil va mototsikllardan foydalanmasdan, sog‘lom turmush tarzini tanlab, velosiped yoki piyoda harakatlanishdi. Bu bilan ular hech bo‘lmasa bir kunga havoni avtomobildan chiqadigan zaharli gazlardan tozalashga o‘z hissalarini qo‘shishdi.
Jahon internet tarmoqlaridagi xabarlarga ko‘ra, ushbu sana, ayniqsa, Yevropa mamlakatlarida, xususan, Shveysariya, Germaniya, Italiya, Angliya, Daniya kabi o‘nlab mamlakatlarda keng nishonlandi. Norasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Avtomobilsiz kun aksiyasida 1,5 mingdan oshiq shaharning 100 million nafarga yaqin kishisi bevosita ishtirok etdi. Bir kunlik avtomobilsiz kun munosabati bilan ayrim shaharlarda jamoat transporti teng yarmiga zarar ko‘rgan. Ba’zi shahar jamoat transporti va taksi xizmati 10-30 foizgacha arzonlashgan.
Yurtimizda ham shu kuni ko‘plab yurtdoshlarimiz avtotransportdan foydalanmasdan, piyoda va velosipedda yurishdi, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdi.
Turizm va sport vazirligi jamoasi yurtimizda o‘tkazilgan "Avtomobilsiz kun" tadbirining tashabbuskori va uyushtiruvchisi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ular bevosita ushbu kun tartibiga amal qilgan holda yurtimiz bo‘ylab #avtomobilsizbirkun chellenjini uyushtirishdi va va bu tashabbus ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Aynan shu kuni kechki payti soat 20.00 da poytaxtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan turli korxona va tashkilotlarning vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, keng jamoatchilik jam bo‘lishib, #avtomobilsizbirkun chellenji doirasida Turizm va sport vazirligi vazirligi binosidan Eko-parkkacha bo‘lgan 6 kilometr masofani velosipedda bosib o‘tishdi.
– Ma’lumki, 22 sentyabr mamlakatimizda “Avtomobilsiz kun”, deb belgilangan. Bu sana yurtimizda o‘tgan yili ham nishonlangandi. Bu yil esa uning doirasidagi tadbirlar yanada keng qamrovda tashkil etildi. Xususan, bu yil barcha hududlarni, hattoki xorijdagi diplomatik vakolatxona xodimlari, chet elda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz ham ushbu sana munosabati bilan tashkil etilayotgan chellenjga jalb qilindi. Ko‘plab vazirlik va idoralar, korxona-tashkilotlarning rahbar xodimlari shaxsiy namuna sifatida o‘z ish joylariga piyoda yoki velosipedda borganligi e’tiborli bo‘ldi. Bu, avvalo tabiatga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Bundan tashqari, “Avtomobilsiz kun” aksiyasi aholining transportsiz harakatlanish ko‘nikmasini shakllantirishga yordam berdi, – deydi Turizm va sport vazirligi mutaxassisi Otabek Eshmamatov.
Kechki velosayr yakunida chellenj ishtirokchilari poytaxt ko‘chalari bo‘ylab piyoda sayr qilishdi va bu orqali xalqimiz orasida yayov yurish, uning inson salomatligini mustahkamlashda ahamiyati beqiyosligi targ‘ib qilindi.
Toshkentda boshlangan aksiya yurtimizning boshqa hududlarida ham nishonlandi. Xususan, Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan “Tungi velosayr” festivali hamda piyoda yurish tadbirlarida 500 nafardan ortiq ishtirokchi Guliston shahridagi “Saxovat” savdo markazidan Ahillik mahallasi hududiga qadar bo‘lgan masofani bosib o‘tishdi.
Namangan viloyati Davlatobod tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda 600 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashib, 7,5 km masofani bosib o‘tishdi, deyiladi Turizm va sport vazirligi xabarida.
Tashabbusning qanoti bor, deyishadi. Toshkentda boshlangan avtomobilsiz harakatlanish aksiyasi qaysidir ma’noda o‘z samarasini berdi. Asosiysi, bir kun bo‘lsa-da ko‘chalarimizni changu g‘uborga burkayotgan yuz minglab transport vositalarining hech bo‘lmagan-da 100-200 tasi harakatlanmadi. Tabiat kamroq zaharlandi. Ammo bu tadbirga amal qilmagan, ko‘chalarni to‘ldirib, tirbandliklarni yuzaga keltirishdan tashqari o‘z sog‘ligiga befarq eldoshlarimiz ham bo‘ldiki, xayrli tadbirning manzarasiga “loy chaplangandek” ko‘rinish oldi.
Bugun dunyoning bir qator megapolis shaharlari o‘z ko‘chalarini, xiyobonlarini avtomobillardan xoli hududga aylantirish harakatini boshlagan bir paytda O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining bir kunlik aksiyasi ayni holatga intilish ko‘rinishini oldi. Muhimi, O‘zbekistonimizning xushmanzara ko‘cha va bog‘lari barchamiz orzu qilgan beg‘ubor go‘shaga aylanishi yo‘lida muhim qadam tashlandi.
Shu boisdan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “22 sentyabr – Avtomobilsiz kun”, deya belgilangan tegishli hujjatiga ushbu kun haqiqiy ma’noda avtomobilsiz kun bo‘lib qolishi uchun ayrim o‘zgartirishlar kiritish lozim, nazarimizda. Bu endi mutasaddilarning sa’yi-harakatiga, tashabbusiga bog‘liq, albatta.
Axir, ariqlaridan zilol suvlari oqib turgan, ko‘cha-yu xiyobonlarida gullar ifori taralayotgan, tabiati xushmanza shahar kimga yoqmaydi, deysiz?


To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA