Tabiatga zarar yetkazganlarga jazo ko‘riladi
Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi, viloyat Milliy gvardiya xodimlari, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda Bekobod tumani “Achamayli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan oqib otuvchi Sirdaryo daryosida ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Reyd davomida daryoning chap qirg‘og‘idan davlat raqami yechib olingan texnika vositasi (yuklagich) yordamida ishlov berilmagan qum, qum-shag‘al aralashmalari “Xovo” hamda “Zil” yuk tashish avtotransport vositalariga yuklanib, olib chiqib ketilayotgani aniqlandi.
Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan joriy yil 1 maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan.
Qum-shag‘al qazib olinishi natijasida tabiatga 87 milliard 651 million 83 ming 344 so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, 3 ta yuk tashuvchi avtotransport vositasi vaqtinchalik saqlab turish uchun Bekobod shahar hududidagi jarima maydoniga joylashtirildi. Ish yuzasidan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
A.Musayev, O‘zA.