Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi davlat inspektorlari tomonidan Chirchiq daryosi hududida o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida qum-shag‘al mahsulotini noqonuniy qazib olayotgan shaxslar ushlandi. Mazkur shaxslar tabiatga katta miqdorda zarar yetkazgan. Bu yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahri Bektemir tumanidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi hududida olib borilgan nazorat tadbiri davomida daryo qirg‘og‘idagi muhofaza mintaqasida (damba) 1 dona ekskavator va 2 dona “ChAKMAN” rusumli yuk tashuvchi transport vositalari yordamida qum-shag‘al mahsulotlari qazib olinib, ushbu hududda joylashgan tosh maydalash va qayta ishlash sexiga tashib olib ketilayotganligi aniqlangan.
Natijada O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni hamda “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunining 18-moddalari talablari buzilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tXVOklly2V0" title="Tabiatga 35 mlrd so‘m zarar yetkazganlar — reyd" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe> Bundan xabar topgan Ekologiya vazirligi huzuridagi “Yashil loyiha” loyihalash instituti mutaxassislari qum-shag‘al mahsulotlari qazilgan joyda o‘lchov ishlarini olib borgan. Tekshiruv natijasida esa jami 57 833, 53 m3 qum-shag‘al mahsulotining noqonuniy qazib olingani, bu bilan tabiatga 34 milliard 718 million 624 ming 729 so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroraturasiga yuborilgan.
M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, O‘zA