Bugungi kunda insoniyat iqlim o‘zgarishi, suv resurslari tanqisligi, atrof-muhitning falokatli ifloslanishi, bioxilma-xillikning kamayishi kabi global ekologik muammolarga duch kelmoqda. Bu muammolar inson va tabiat o‘rtasidagi murosasiz to‘qnashuvlar natijasidir. Agar ularga vaqtida e’tibor qaratilmasa, insoniyat boshiga misli ko‘rilmagan talofatlarni olib keladi.
Yurtimizda dastlab 1998 yilda biologik rang-baranglikni saqlash bo‘yicha milliy strategiya va harakatlar rejasi, 2019 yilda 2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi Ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvonlarning turlarini saqlash bo‘yicha Konvensiyaga qo‘shilgan. 1979 yilda Bonn shahrida (Germaniya) qabul qilingan bu konvensiya Bonn Konvensiyasi deb ham ataladi va 133 mamlakat konvensiya ishtirokchisi hisoblanadi.
Global ekologik fond (GEF), Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD), Atrof-muhit dasturi, YUNESKO, Butunjahon yovvoyi tabiatni muhofaza qilish jamg‘armasi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga 206 hayvon va 314 o‘simlik turlari kiritilgan. Mutaxassislarning fikricha, Qizil kitobning yangi nashri uchun yo‘qolib ketish arafasida turgan 21 tur, jumladan, 5 tur umurtqasizlar, 5 tur sudralib yuruvchilar, 4 tur qushlar, 7 tur sutemizuvchilar to‘g‘risida hamda hayvonot dunyosining 12 ta noyob turlari maqomini o‘zgartirish bo‘yicha ma’lumotlar tayyorlangan. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi hisob-kitoblariga ko‘ra O‘zbekistonda uchraydigan 46 tur hayvon va 16 tur o‘simlik global miqyosida yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlardir.
O‘zbekiston ko‘plab ko‘chib yuruvchi hayvonlar, jumladan, qor qoploni, Buxoro bug‘usi, qulon, jayron, flamingo, oq turna va boshqalarning areali hisoblanadi. “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonlar migratsiya yo‘llarining mamlakatimiz hududi orqali o‘tishi, ko‘chmanchi qushlar uchun dam olish va qishlash joylari bo‘lgan suv havzalarining mavjudligi o‘lkamizning jahon biologik xilma-xilligini saqlashdagi ahamiyatini belgilab berdi.
Ma’lumki, ko‘chib yuruvchi turlarning migratsiya yo‘llari siyosiy chegaralarga bo‘ysunmaydi va ularning yashab qolishi keng miqyosdagi xalqaro hamkorlik va biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha transchegaraviy harakatlarga bog‘liq. Shu nuqtayi nazardan yaqinda yurtimizda o‘tkazilgan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha Konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi beqiyos ahamiyatga ega.
Ta’kidlash joizki, ilgari bunday forum MDH davlatlarida o‘tkazilmagan. O‘zbekiston Markaziy Osiyo va Hamdo‘stlik mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib ushbu tadbirga mezbonlik qildi. Uch yilda bir marta bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada yashash joylarini saqlash va tiklash, haddan tashqari ekspluatatsiya, yashash joylarining yo‘qolishi va bo‘linib ketishi, iqlimning ifloslanish va o‘zgarishi kabi muammolar muhokama qilindi. Tarixda ilk bor “Dunyoda ko‘chib yuruvchi turlarning holati” to‘g‘risida hisobotni tayyorlash, yorug‘lik ifloslanishi bo‘yicha yangi global tavsiyalar va uning ko‘chib yuruvchi turlarga ta’sirini minimallashtirish uchun chiziqli infratuzilma bo‘yicha ilg‘or tajribalarni taqdim etishga imkoniyat yaratdi.
Konferensiya arafasida Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston qushlarni muhofaza qilish jamiyati tashkilotchiligida “Markaziy Osiyo migratsiya yo‘li” ishchi guruhi a’zolari bo‘lgan tabiatni muhofaza qilish tashkilotlarining uchrashuvi o‘tkazildi.
Bu uchrashuvda qushlarning migratsiya yo‘llari va ko‘chib yuruvchi qushlar turlari bo‘yicha 17 nafar xalqaro ekspert, jumladan, qushlarni muhofaza qilish Butunjahon assotsiatsiyasi (Buyuk Britaniya va Belgiya), Bombey tabiatshunoslik jamiyati (Hindiston), dala ornitologiyasi guruhlari (Shri-Lanka), Qirollik tabiatni himoya qilish jamiyati (Buyuk Britaniya), Nepal qushlarni muhofaza qilish xizmati (Nepal), Qozog‘iston bioxilma-xilligini saqlash assotsiatsiyasi (Qozog‘iston) vakillari ishtirok etdi.
Yurtimizda ona tabiatni ko‘z qorachig‘idek asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularni kelgusi avlodlarga bekamu ko‘st yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar samarasi o‘laroq Samarqand davlat universitetida “Yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish markazi” tashkil etildi.
Ushbu markazning asosiy maqsadi o‘simlik va hayvonot dunyosining ko‘plab turlari hozirgi holati va maqomini monitoring qilishdan iborat.
Markaz ishida nafaqat O‘zbekistonning zoolog, botanik, ekolog olimlari, balki xorijiy davlatlarning yetakchi mutaxassis-olimlari ham ishtirok etadi.
Mazkur markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan yana biri universitet Zoologiya muzeyi va entomologiya fondida saqlanayotgan ilmiy kolleksiyalarni saqlash, to‘ldirish va tahlil qilish hisoblanadi. 1934 yilda tashkil etilgan bu muzey Markaziy Osiyodagi yagona va eng yirik muzey bo‘lib, unda 7500 dan ortiq hayvon eksponatlari saqlanadi. Entomologik kolleksiyada nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni mamlakatlarda tarqalgan 10 ming turga mansub 110 mingga yaqin turli hasharotlar mavjud.
Muzeyda 1935 yilda Amudaryo to‘qayzorlaridan tutilgan, dunyoda yagona bo‘lgan Turon yo‘lbarsi eksponati saqlanadi. Turon yo‘lbarsi 1954 yildan beri tabiatda ham, hayvonot bog‘larida ham uchramaydi. Shuningdek, eksponatlar qatoridan Sirdaryo kurakburuni, katta Amudaryo kurakburuni va Amudaryo kichik kurakburuni, sudralib yuruvchilardan – bo‘z echkiemar, O‘rta Osiyo kobrasi, qushlardan – Zarafshon qirg‘ovul, oqqush shipun, pushti saqoqush, flamingo, oq va qora laylaklar, oddiy lochin, itolg‘i, boltayutar, burgut, sutemizuvchilardan –Markaziy Osiyo qunduzi, olaqo‘zan, Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i, Buxoro bug‘usi, arxar, jayron kabi noyob hayvonlar eksponati joy olgan.
Abdurashid Jabborov,
O‘zbekiston qushlarni muhofaza qilish jamiyati Samarqand filiali raisi.
Asolat Hamidova, SamDU katta o‘qituvchisi.