Tabiat insondan qasd olishga o‘tmasin...
2021 yil 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan qum bo‘ronlari, aholini befarq qoldirmadi. Avtomobillar oynalari qum, chang bilan qoplangan, ko‘chalarda og‘ir sukunat. «O‘zgidromet» markazi kuzatuvlariga ko‘ra, so‘nggi 150 yil ichida O‘zbekistonda bunday hodisa kuzatilmagan ekan.
150 yil ichida insoniyat ona sayyoramiz tabiatini butkul o‘zgartirib yuborgandek go‘yo. 1971-1981-yillar edi. Keyinroq bunday ulkan gujum, tut, jiyda va tokzorlar kesilib, 40 -50 gektarlik paxta dalalariga aylantirildi. Amudaryodan katta yuk kemalarida o‘tilardi. U qirg‘og‘i bilan bu qirg‘og‘i bazo‘r ko‘rinar, daryoning haybati qo‘rqinchli edi. Mana, oradan yarim asr o‘tdi. Hozirgi kunda zamonaviy ko‘prik qurilgan, 5-10 daqiqaga qolmay, o‘tib olasiz. Amudaryo o‘z qirg‘oqlarini, yam-yashil to‘qayzorlarini, oppoq, ulkan Saqoqushlarini, yovvoyi o‘rdaklarni, yuzlab baliq turlarini butkul yo‘qotdi. Amudaryoning mavj urib oqqan to‘lqinlarini, shovqinli kuylarini eshitmaysiz. Orol dengizining o‘rnida O‘rta Osiyoda ulkan 5 million gektarlik Orolqum sahrosi paydo bo‘ldi. Orolning qurigan tubidan yiliga 100 mln. tonnadan ziyod qum, chang, tuz yuzlab, minglab km. masofalarga uchib bormoqda.
Tabiat muvozanatini yo‘qotib borar ekan, qasd olishga o‘tmadimikan, degan o‘y ko‘ngilga kelaveradi. Bunday ekologik falokatlar birgina Markaziy Osiyo mintaqasida emas, dunyoning turli burchaklarida har kun sodir bo‘lmoqda. Mangu Grelandiya muzliklari butkul erib ketish xavfi ostida qolsa yoki kutilmaganda Afrika mamlakatida yozning chillasida to‘satdan qor yog‘sa, Xitoyga qum bo‘ronlari yopirilsa... Bular hech narsani anglatmaydimi?..
So‘nggi 50-60 yil ichida insoniyat tabiatning mislsiz boyliklarini, ko‘r-ko‘rona tortib ola boshladi. Yashil o‘rmonlarni ayovsiz kesib, o‘simlik va hayvonot olamiga vahshiylarcha munosabatda bo‘ldi, o‘ldirib, qirib tashladilar. Qani, Turon yo‘lbarsi, qani, Amudaryoning ulkan Saqoqushlari, qani, Xorazm vohasidagi asrga tengdosh gujumlar, tutlar, jiydalar?.. Hozirgi kunda ularni biron-bir o‘sib turgan tubini, joyini ham ko‘rmaysiz. Ona tabiat bizga in’om etgan Orol dengizini boy berdik, mangu muzliklarini eritib yubordik, Turon yo‘lbarsini yo‘qotdik. Endi ularni asl holatiga keltirish g‘ayri imkon.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Senat minbarida turib, «Yurtimizda ekologik tahdidlarning salbiy ta’siri ortib bormoqda. Buni sodir bo‘lgan qum bo‘ronlari ham yana bir bor tasdiqladi. Orol dengizning qurishi bilan bog‘liq vaziyat tobora keskin tus olmoqda. Shu borada biz Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida e’lon qilish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasini hayotga tatbiq etishga doir tizimli va kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz lozim. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish borasidagi faoliyatimizni jadallashtirishimiz kerak», dedilar.
Atmosferaga yoyilayotgan tonnalab zaharli gazlar, Orolqum tubidan chiqqan tuz, qumlarning shamol ta’sirida ko‘tarilib Arktikagacha yetishi bugun ulkan muammoga aylandi.Yerimiz aholisi ham tez sur’atlarda ko‘payib bormoqda. Cheksiz samo, galaktikamizda aylanib yurgan ona sayyoramiz bu kun ekologik xavf ostida qoldi. Tabiatni avaylashga barchammiz mas’ulmiz. Aks holda, u bizdan ayovsiz qasd olishga o‘tadi.
Marhamat MATVAFAEVA,
O‘z RFA Botanika instituti
Milliy gerbariy yetakchi mutaxassisi,