Suyuq chiqindilarning “Salar” kanaliga tashlanishi holati o‘rganildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Shota Rustaveli ko‘chasida qurilish ishlari davomida oqova suv quvuriga shikast yetkazilgani hamda oqova suvning Salar kanaliga sizib chiqayotgani haqida murojaat tarqaldi.
Holat Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish davomida Toshkent shahar Yakkasaroy tumani, “Shota Rustaveli” ko‘chasida “B.B.” MCHJ tomonidan ko‘p qavatli turar joy binosini qurish davomida shahar oqova suv tarmog‘iga tegishli quvurga shikast yetkazilgani, natijada quvurning ma’lum qismi o‘pirilib tushgani aniqlandi. To‘planib qolgan suyuq chiqindilar esa Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hududidan oqib o‘tuvchi “Salar” kanaliga hech qanday tozalash ishlarini olib bormasdan, maxsus nasoslar yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashlangan.
Suyuq chiqindilardan Toshkent shahar Ekologiya bosh boshqarmasining tahliliy laboratoriya bo‘limi tomonidan namuna olindi. Olingan namunalarda neft mahsulot qoldiqlari belgilangan me’yordan 5,02-marta, azot ammoniy 43,5-marta, XPK 4,9-marta, muallaq moddalar esa 13,6-marta yuqori ekani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, suyuq chiqindilar to‘plangan tuproq namunalarining tarkibida neft mahsulot qoldiqlari 2,6 dan 11,4 mg/kg gacha ekani aniqlandi.
Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 63 ming 936 metr kub hajmdagi suyuq chiqindilar “Salar” kanaliga hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda chiqarib tashlangan. Ushbu holat sodir etilishi natijasida “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasi, “Suv kodeksi”ning 23, 117, 153-moddalari talablari qo‘pol ravishda buzilgan. Natijada 2 milliard 160 million 13 ming 824 so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblangan.
Bundan tashqari, MCHJ tomonidan oqova suv tarmog‘iga shikast yetkazilganlik holati natijasida to‘planib qolgan suyuq chiqindilar tashlanishi oqibatida yer relefidagi tuproq ifloslantirilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, neft mahsulot qoldiqlari belgilangan konsentratsiya miqdoridan o‘rtacha 5,2-marta yuqorini tashkil etgan. Natijada “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasi, “Yer kodeksi”ning 40, 79, 85-moddalari talablari buzilgan. Holat yuzasidan 60 million 27 ming 81 so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblandi. “B.B.” MCHJ jami 2 milliard 220 million 40 ming 905 so‘m kompensatsiya to‘laydigan bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA