Suyak o‘rniga 3D protez: bemor oyog‘i saqlab qolindi
Ispaniya poytaxti Madriddagi “Gregorio Maranon” shifoxonasi 38 yoshli bemorning oyog‘ini saqlab qolish imkonini bergan noyob tibbiy texnologiyani amaliyotga joriy qildi. Boldir suyagida sarkoma aniqlangan inson uchun dunyodagi birinchi shaxsiy metamaterial suyak protezi yaratildi. Shu tariqa oyoq kesib tashlanishining oldi olindi.
Oddiy yaxlit protezdan farq qiladigan, millimetr o‘lchamidagi titan tuzilmasidan iborat mazkur yangi implant suyakning ichki tuzilishi va mexanik xususiyatini taqlid qiladi. 3D bosma texnologiya usulida tayyorlangan qurilma yuklamani suyak to‘qimasiga o‘xshash tarzda taqsimlaydi va tirik suyak implant bilan birikishiga yordam beradi.
Protez ayni bemor anatomiyasiga moslab ishlangan. Mutaxassislar tibbiy tasvir asosida sog‘lom oyoqning raqamli nusxasini yaratib, yurish, zinadan chiqish va qoqilish payti boldir suyagiga tushadigan yuklamani hisoblagan. Shu asosda implantning ichki tuzilishi va murvatlar joylashuvi belgilangan. Jarrohlik amaliyoti ham millimetr aniqlikda rejalashtirilgan. Maxsus usul amaliyot vaqtini qariyb ikki barobar qisqartirgan.
Operatsiyadan bir yil o‘tib, Per Shazel yana yura boshladi. U qariyb ikki yil davomida oyog‘iga og‘irlik tushira olmagan edi. Keyin Gregorio Maranon shifoxonasi bunday usulda yana bir operatsiya o‘tkazdi va bilak hamda to‘sh suyagi uchun yana ikki shaxsiy implant tayyorlayapti. Loyihadan ko‘zlangan maqsad – texnologiyani davlat tibbiyot tizimida keng qo‘llash.
Musulmon Ziyo, O‘zA