
“Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarish. II bosqich” loyihasi doirasida “Qishloq xo‘jaligini intensivlashtirish va diversifikatsiyalashni qo‘llab-quvvatlash hamda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish” mavzusida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Andijon va Farg‘ona viloyatlariga ikki kunlik media-tur tashkil etildi.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan mazkur loyiha doirasida Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida qishloq va suv xo‘jaligi sohasi mutaxassislarining bilim, malakasini oshirish, shu bilan birga, qator xo‘jaliklarda suv resurslarini boshqarish, sug‘orishga suv tejamkor, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Xususan, belgilangan ishlarni bajarish uchun uch viloyatdan 15 ta xo‘jalikning 100 gektar maydoni, shuningdek, 3 ta kanal, jami 18 ta ob’ekt ko‘rgazma maydoni sifatida tanlab olingan.
Media-turning birinchi kunida ishtirokchilar loyiha doirasida qator yo‘nalishlarda amalga oshirilgan, xususan, Andijon viloyatida olib borilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Andijon ilmiy tajriba stansiyasida tashkil etilgan ko‘rgazmalar orqali loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar namoyish etildi. Mutaxassislar tomonidan ko‘rgazma maydonlarida ishlarning tashkil etilishi, trenerlar tayyorlash, fermer dala maktablari o‘quvlari, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya tizimi mutaxassislarining bilim va malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish borasidagi ishlar haqida keng ma’lumotlar berildi.
– Loyiha doirasida Andijon viloyatidagi tanlab olingan 5 ta ob’ektda belgilangan ishlar olib borilmoqda, – deydi loyiha agronomi Farhod Nazarov. – Ya’ni Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot hamda O‘simliklar genetik resurslar ilmiy-tadqiqot institutlari Andijon tajriba stansiyalari, “Norin-Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining Qo‘rg‘ontepa tumanidagi pavloniya bog‘i, Buloqboshi tumanidagi “Bo‘ronov Muhammadali”, Jalaquduq tumanidagi “Tohirov Umidjon” fermer xo‘jaliklarining 33,3 gektar maydonlarida ko‘rgazma maydonlari tashkil etildi. Sabzavot ekinlari, pavloniya va uzum ko‘chatlariga tomchilatib, yomg‘irlatib, shuningdek, yer ustidan takomillashgan sug‘orish usullari joriy etildi.
Sug‘orish ilg‘or, suv tejamkor usullar orqali tashkil etilganda turli kimyoviy va mineral o‘g‘itlarni suv orqali berish imkoniyati yaratiladi. Qolaversa, bu orqali suv, mehnat sarfi va boshqa xarajatlar kamaydi, hosildorlik esa ortadi. Masalan, piyoz ekini suvni avtomatik boshqarish texnologiyasi orqali yomg‘irlatib sug‘orilganda suv sarfi 30 foizgacha, mehnat sarfi 35 foizgacha, agrotexnik tadbirlar uchun yoqilg‘i-moylash mahsulotlari sarfi 38 foizgacha kamaygan bo‘lsa, hosildorlik 28 foizga ortgan. Bunday yuqori ko‘rsatkichlar kartoshka, sarimsoqpiyoz, rediska, turp, sholg‘om, tarvuz singari sabzavot mahsulotlari, kuzgi bug‘doy yetishtirishda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.
– Xo‘jaligimizda loyiha doirasida kartoshka ekilgan 5,3 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi, – deydi Jalaquduq tumanidagi “Tohirjonov Umidjon” fermer xo‘jaligi rahbari Umidjon Tohirjonov. – Sug‘orishning ushbu texnologiyasi qo‘llanilgan maydonda boshqa kartoshka ekilgan maydonlarga nisbatan hosildorlik gektariga 10-15 tonna yuqori bo‘ldi.
Shuningdek, loyiha tashkilotchilari tomonidan lazer nivepira jihozi yordamida tekislangan yerlarda ekilgan ekinlardan hosildorlik 4-7 sentnerga ortganligi aytib o‘tildi.
Loyiha doirasida fermerlar, tomorqa yer egalari, qishloq va suv xo‘jaligi mutaxassislarining bilim, malaka hamda tajribalarini oshirishga qaratilgan juda ko‘p seminar-treninglar, o‘quv- mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
– Seminar-treninglarda 2 ming 890 nafar mutaxassis, qishloq va suv xo‘jaligi tizimlari xodimlari o‘qitildi, – deydi loyihaning seminar-treninglar o‘tkazish bo‘yicha koordinatori qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Saodat Dusmuratova. – Ana shu jarayonda 300 nafar trener tayyorlandi. Ular o‘z navbatida joylarda dehqon, fermer va tomorqa xo‘jaligi egalariga ekin turlaridan hosildorlikni oshirish, suvdan unumli foydalanish, mehnat sarfini kamaytirish, umuman, dehqonchilikda ilg‘or usullarni qo‘llash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazib, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga ko‘maklashmoqda.
Bundan tashqari, loyiha doirasida tashkil etilgan fermer-dala maktablari o‘quvlarida fermerlar, dehqonlar, bog‘bonlar, tomorqa xo‘jaligi va issiqxona egalari ishtirok etib, tuproq unumdorligini oshirish, tomorqada sabzavot mahsulotlari yetishtirish, issiqxona xo‘jaligini yuritish, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash, suv tejamkor texnologiyalardan foydalanish, bog‘dorchilik va tokchilik yo‘nalishlarida o‘zlarining bilim hamda tajribalarini boyitdi.
Ushbu o‘quvlarga jami 4 ming 630 nafar kishi jalb etilgan bo‘lsa, shundan 1 ming 583 nafarini Andijon viloyati vakillari tashkil etdi.
Shuningdek, media-tur ishtirokchilari Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Andijon ilmiy tajriba stansiyasidagi ko‘rgazma maydonida yomg‘irlatib, tomchilab sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, suvni taqsimlash inshooti, mini meteostansiya faoliyati, shuningdek, Aylanpa mahallasi, Yangi chek ko‘chasidagi Umidjon Isomiddinov xonadonida gul ko‘chatlari yetishtirish ishlari bilan tanishdi.
Loyiha doirasida bir guruh qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya tizimi xodimlari Avstraliya va Isroil davlatlariga borib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, suv resurslarini boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganib kelgani aytib o‘tildi. Bundan tashqari, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridan bir guruh mutaxassislar, trenerlar, fermerlar hamda tomorqa xo‘jaligi egalari Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida bo‘lib, loyiha doirasidagi ishlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashganligi ham ilg‘or ish uslublarini joriy etishga yordam berayotganligi ta’kidlandi.
– Mazkur loyiha mamlakatingiz uchun katta foyda keltiradi, xususan, Farg‘ona vodiysida qishloq xo‘jaligini intensivlashtirish va diversifikatsiyalash hamda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Yevropa ittifoqi vakili, loyiha koordinatori Aleksandr Zenebe. – Eng avvalo, ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga, mutaxassislarning bilim va malakasini oshirishga yordam beradi.
Kunning ikkinchi yarmida media-tur ishtirokchilari “Norin-Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida bo‘ldi. Boshqarma boshlig‘inig birinchi o‘rinbosari Shuhratjon Ergashev viloyatdagi irrigatsiya tizimlari, sug‘oriladigan yerlar, loyiha doirasida boshqarma tasarrufidagi suv inshootlarida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
[gallery-14761]
– Loyiha doirasida 4 ta yer ostidan suv tortish nasosi rekonstruksiya qilindi, “Oqbo‘yra” kanalining yon-atroflari betonlashtirildi, – deydi Sh.Ergashev. – Bundan tashqari, suv o‘lchash jihozlari, payvandlash apparatlari, shu bilan birga, xodimlarimizning ish unumdorligini oshirish uchun yengil mashina, 16 ta motoroller, 80 ta velosiped berildi.
Shuningdek, muloqot davomida jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytarildi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/lhbOLcxI-pc" title="Сувтежамкор технологиялар ҳосилдорлик ошишини таъминлайди" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari