Munosabat
Suv – tabiatning eng noyob ne’matlaridan biri. U nafaqat inson hayoti, balki barcha tirik jonlar, o‘simliklar va yer uchun hayot manbai. Qatra-qatra suvda hayotning nafasi bor. Tog‘-u toshlardan, dala-dashtlardan oqib borgan borgan suv qatrasi dehqon uchun umid, rizq va baraka demakdir. Shunday ekan, suvga ehtiyoj yuqori bo‘lgan Farg‘ona vodiysida har bir suv inshootining ahamiyati beqiyos. Ana shunday muhim irrigatsiya infratuzilmalaridan biri – Janubiy Farg‘ona kanali sanaladi.
Farg‘ona vodiysidagi eng yirik irrigatsiya inshootlaridan biri bo‘lgan Janubiy Farg‘ona kanali 85 yildan buyon xalq xo‘jaligi manfaatiga xizmat qilib kelmoqda. U 1940 yilda xalq hashari asosida qurilgan bo‘lib, O‘zbekiston va Qirg‘iziston hududlaridan o‘tadi. Uning barpo etilishidan maqsad esa Olay tog‘laridan oqib tushadigan tabiiy suv manbalarini tartibga solish va vodiyning sharqiy hamda janubiy hududlarida suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan.
Википедияда yozilishicha, kanal Shahrixonsoy kanalining yirik shoxobchasi hisoblanadi. Dastlab u Isfayramsoydan Besholishgacha bo‘lgan masofada qazilgan, keyinchalik esa Marg‘ilonsoygacha, 1946 yilda esa Oltiariqsoygacha uzaytirilgan. Umumiy uzunligi 120 km. bo‘lib, boshidagi eni 12 metr, quyi qismida 2 metrni tashkil etadi. Kanal bosh qismida suv sarfi 85 m³/s bo‘lsa, Polvontosh kollektori suvi qo‘shilganidan so‘ng 30 m³/s suv oqimi ta’minlanadi. Kanalda 3 ta tezoqar, 35 ta suv tushirgich va 52 ta quloq mavjud.
Bu kanal 75,8 ming gektar yerni sug‘oradi. Шuндан 25,2 ming gektar Andijon viloyati, 48 ming gektar Farg‘ona viloyati va 2,6 ming gektar Qirg‘izistonning Aravon tumani maydoniga to‘g‘ri keladi.
Islohotlar xalq uchun, ertangi farovon hayot uchun
Bugungi kunda suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar shunchaki sohani rivojlantirish emas, balki aholi ehtiyojini ta’minlash va mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishi uchun zarur bo‘lgan strategik yo‘nalishdir. Har bir qatra suv ortida dehqonning mehnati, xalqning ne’matga bo‘lgan umidi va butun boshli qishloq xo‘jaligi tizimining qismati turibdi.
So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi, suv manbalarida kamayish, irrigatsiya infratuzilmasining eskirishi hamda suvdan samarasiz foydalanish kabi muammolar suv xo‘jaligida tub o‘zgarishlar zarurligini taqozo etdi. Agar bugun suvni tejab-tergamasak, uni boshqarishni ilmiy va raqamli asosda tashkil etmasak, ertaga nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki aholi ta’minotida ham jiddiy muammolar yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas.
Aynan shu sababli, sohada olib borilayotgan islohotlar kompleks yondashuvni talab qilmoqda. Ya’ni, yangi texnologiyalarni joriy etish, raqamli boshqaruv tizimlarini shakllantirish, suv tejovchi zamonaviy uslublarga o‘tish va eng muhimi, inson omilini, ya’ni mutaxassislar bilim va malakasini doimiy oshirib borish lozim.
Suv bugun nafaqat tabiiy resurs, balki iqtisodiy o‘sish, oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanishning asosiy omili sifatida ko‘rilayotgani bois, har bir islohotning markazida ana shu haqiqat turishi kerak. Islohotlar xalq uchun, ertangi farovon hayot uchun xizmat qilmog‘i shart.
Kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda suv xo‘jaligini tubdan yangilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bu boradagi ishlar siyosat izchillik bilan olib borilmoqda. 2023 yil 29 noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2024 yil suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil”, deb e’lon qilinib, 1 ming 500 kilometr kanallarni betonlash vazifasi belgilandi. Bu esa islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Bu ishlar nafaqat markaziy irrigatsiya tarmoqlarini mustahkamlash, balki suv yo‘qotilishini kamaytirish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va joylardagi sug‘orish tizimini modernizatsiya qilishni qamrab olmoqda. Davlat byudjeti, xalqaro moliya institutlari va xususiy sheriklik asosida katta loyihalar amalga oshirilmoqda.
Farg‘ona vodiysidagi eng yirik irrigatsiya inshootlaridan biri bo‘lgan Janubiy Farg‘ona kanalida amalga oshirilayotgan ishlar bugungi islohotlarning amaliy natijasini ko‘rsatadi. 85 yildan buyon xalq xo‘jaligiga xizmat qilayotgan ushbu kanalning ta’mirtalab qismlarini yangilash, suv o‘tkazuvchanligini oshirish va uzluksiz suv yetkazib berishni ta’minlash maqsadida bosqichma-bosqich ishlar olib borilyapti.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 31 dekabrdagi qaroriga asosan Rossiya Federatsiyasining “MPR” moliya instituti mablag‘lari hisobidan “JFK-3 kichik GES qurilishi” loyihasi ham tatbiq etilmoqda. 6,9 megavatt quvvatga ega bo‘ladigan mazkur inshoot yiliga 33 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ham energetik barqarorlikka hissa qo‘shadi.
Bugun suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan barcha o‘zgarishlar xalq manfaatiga xizmat qilmoqda. Muhimi, suvdan oqilona foydalanish odatga aylanmoqda.
Kanaldagi texnogen holat: tasodifmi yoki tizimli muammo?
Janubiy Farg‘ona kanalining Andijon viloyati Buloqboshi tumani hududidan o‘tuvchi qismida 2025 yil 8 may kuni yuz bergan texnogen holat aholi va mutaxassislar o‘rtasida turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. “O‘zbekgidroenergo” AJ axborot xizmati xabariga ko‘ra, vegetatsiya mavsumida suv ta’minotini uzluksiz ta’minlash maqsadida qurilgan aylanma kanalda loyihada ko‘zda tutilgan 60 m³/s o‘rniga 70 m³/s suv o‘tkazilgan. Bu esa suv bosimi ortishi va oqibatda kanalning o‘ng qirg‘og‘ida yer yuvilishini keltirib chiqardi.
Bu holat shunchaki texnik nosozlik sifatida baholanmasligi lozim. Chunki irrigatsiya tizimining har bir halqasi strategik ahamiyatga ega ob’ekt. Har bir qaror, har bir amaliy qadam shoshma-shosharliksiz, ilmiy tahlil va o‘lchovlar asosida qabul qilinishi shart. Ammo ba’zida mas’ul mutaxassislar bu haqiqatni unutadi.
Hartugul, muammo joyida tezkorlik bilan bartaraf etildi. Tezkor ishga tushirilgan texnikalar, jalb etilgan mutaxassislar sa’y-harakatlari bilan suv ta’minoti uzilishlarsiz davom ettirildi.
Shu bilan birga, aholi uy-joylari va tomorqalariga yetkazilgan zarar hisobga olinib, uni davlat tomonidan qoplash ishlari yo‘lga qo‘yildi. Mahalliy hokimliklar va mutasaddi idoralar tomonidan fuqarolar manfaatlari himoya qilinayotgani yanada quvonarlidir.
Xulosada fikrimiz shuki, Janubiy Farg‘ona kanali faqatgina irrigatsiyaning emas, balki energetika, suv xavfsizligi va mintaqaviy hamkorlikning ham muhim strategik tarkibiy qismi hisoblanadi. Uning har qatrasida tiriklik mujassam. Shu bois, kanallarni loyihalash, boshqarish va nazorat qilishda yuksak mas’uliyat, ilmiy yondashuv va zamonaviy texnologiyalar asosida ish yuritish muhim vazifadir.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA