Suvni asramoq kelajakni asramoq demakdir
Farg‘ona viloyatida “Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarish” loyihasi doirasida qishloq xo‘jaligini intensivlashtirish va diversifikatsiyalashni qo‘llab-quvvatlash hamda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish borasida qilinayotgan ishlarni jamoatchilikka yaqindan tanishtirish maqsadida media-tur tashkil etildi.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan mazkur loyiha asosida Farg‘ona viloyatida qishloq va suv xo‘jaligi sohasi mutaxassislarining bilim, malakasini oshirish, shu bilan birga qator xo‘jaliklarda suv resurslarini boshqarish, sug‘orishga tejamkor, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Media-tur ishtirokchilari Quvasoy shahar “Sufon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Ko‘paysinobod” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligida bo‘ldilar. Ular besh gektar olmazorda o‘rnatilgan suv tejovchi texnologiyaning ishlashi va afzalligi bilan tanishdilar.
[gallery-14798]
– 14 gektar bog‘imiz bor, - deydi “Ko‘paysinobod” fermer xo‘jaligi rahbari Shokirjon Qorayev. – 5 gektar yerdagi olmazorimizda tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan. Bunday sug‘orish bizga juda katta naf berayotganini bilsangiz edi... Ilgari ketmon ko‘tarib, ariq yoqalab kunimiz o‘tardi. Yo‘lda suvimizni to‘sib oluvchilar bilan janjallashib suv tutadigan davrlar o‘tdi. Bog‘imizda tomorqa egalari, qishloq va suv xo‘jaligi mutaxassislari ishtirokida juda ko‘p seminar-treninglar, o‘quv mashg‘ulotlar o‘tkazib kelinadi. Bugungi tadbir ham yutuq va tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashish imkonini berdi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA