Qaror va ijro
Prezidentimizning 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Toshkent viloyatidagi ayrim mahallalarda tomorqadan samarali foydalanish, suv muammolarini bartaraf qilish belgilangan.
Bu boradagi amaliy ishlar natijasi loyihachi tashkilotlar, tuman va shahar hokimlik vakillari, mahalla raislari va faollari bilan birgalikda joylarga chiqib o‘rganildi. Ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan irrigatsiya ob’ektlarda qurish va rekonstruksiya qilish manzilli dasturiga asosan 87,9 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Buning doirasida 83 ta mahallada 120,0 kilometr sug‘orish tarmog‘i, 38 dona sug‘orish qudug‘i, 19 dona nasos agregati, 14 dona gidrotexnik inshoot qurildi.


Hozirda viloyat bo‘yicha jami 3 ming 650 gektar tomorqa maydonlarida suv ta’minoti yaxshilanishiga erishildi. Masalan, Piskent tumanidagi olis ”Qashqadaryo“ qishlog‘idagi 403 ta xonadon tomorqasini sug‘orishda yangi suv nasosi foydalanishga topshirildi. Hudud kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirilib, aholining bandligi ta’minlandi va daromadini oshirish choralari ko‘rildi.
Xalqimizda “Suv zar – suvchi zargar” deb, bejiz aytilmagan. Suvni tejash va undan oqilona foydalanish katta mahorat, tajriba talab etadi. Bu borada Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati B.Abralov rahbarligidagi “Piskent” hududi fermer xo‘jaliklarida olib borilayotgan ishlar e’tiborga loyiq.


Xususan, piskentlik fermerlar joriy yilda 548 gektar yerda paxta, ming gektar yerda g‘alla ekib, agrotexnika talablari asosida parvarish qilmoqda. Ish jarayonida yangi texnika va texnologiyalardan foydalanish zamon talabiga aylangan. Bunida suvdan tejab foydalanish maqsadida sug‘orishning yangi tizimi, ya’ni pulsar, tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish yoki lazer usuli amalda joriy etib, ortiqcha suv isrofining oldi olinmoqda.
Biroq, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek suv resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari ham uchramoqda. Shuni e’tiborga olib, “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda kanallarning noqonuniy suv olish nuqtalarini bartaraf etish maqsadida nazorat-reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.


Jumladan, Oqqo‘rg‘on tumani S.Segizbayev hududidan oqib o‘tuvchi “Xon” kanaliga dehqon xo‘jaliklari tomonidan noqonuniy ravishda nasos agregatlari o‘rnatib olingani, O‘rta Chirchiq hamda Piskent tumanlaridagi “RK-5-2” va “RYU-3” kanallaridan fermer xo‘jaliklari tomonidan noqonuniy quloq ochilgani aniqlandi. Parkent tumanidagi “Mashkanal”ga suv chiqaruvchi “Istiqbol” nasos stansiyasining 5 kilometr uzunlikdagi quvurlariga noqonuniy ulanish holatlari ham ma’lum bo‘ldi.
O‘rganishlar davomida barcha noqonuniy suv olish holatlari bartaraf etilib, qonunbuzarlarga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi.
A.Musayev, O‘zA.