“Sirdaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati binosida Sirdaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan suv ta’minoti sohasida debitor qarzdorlikni kamaytirish, aholi o‘rtasida to‘lov intizomini yaxshilash, suvdan oqilona foydalanish hamda iste’mol madaniyatini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Anjumanda mutasaddilar tomonidan hududda suv ta’minoti xizmatlari uchun to‘lovlar holati, qarzdorlikni kamaytirish tendensiyalari va sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlanishicha, har bir iste’molchining hisob-kitobni o‘z vaqtida amalga oshirishi tizimning barqaror ishlashi hamda xizmat sifati oshishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi faoliyati va olib borilayotgan ishlar yuzasidan nazorat jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha inspeksiya rahbarining o‘rinbosari Shokirjon Abdurasulov quyidagilarni ta’kidladi:

— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 22 sentyabrdagi qarori bilan “Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi nizom” tasdiqlandi. Unga muvofiq, inspeksiya tarkibida yangi yo‘nalishlar shakllantirilib, ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish, shuningdek, qurilish-montaj ishlari ustidan davlat nazoratini amalga oshirish belgilangan. Nizom talablariga ko‘ra, suv ta’minoti tizimida texnik nazoratni kuchaytirish, yer osti suv quduqlaridan foydalanish qoidalariga rioya etilishini ta’minlash va oqova suvlarni me’yoriy darajada tozalash ustidan nazoratni kuchaytirish imkoni yaratildi.

Anjumanda ishtirok etgan inspeksiya bosh mutaxassisi Javohir Ruzibekov ma’lum qilishicha, joriy yilda viloyat bo‘ylab tegishli tashkilot va korxonalar bilan hamkorlikda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv sohasida 1390 ta nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Natijada, ichimlik suvi tarmoqlari bo‘yicha 228 ta, oqova suv tarmoqlari bo‘yicha 2 ta qonunbuzarlik holati aniqlangan. Shuningdek, 14 ta holat bo‘yicha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilib, umumiy hisobda 1 milliard 341 million so‘mdan ortiq jarimalar qo‘llanilgan. Tegishli tashkilotlarga qonunchilik talablariga rioya etish bo‘yicha taqdimnomalar kiritilgan.
Shuningdek, shartnomaviy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish va suv ta’minoti xizmatlaridan foydalanishda tartibni ta’minlash maqsadida viloyatdagi 76 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 559 ta xonadonda o‘rganishlar olib borilib, 343 ta holatda qonunbuzarliklar aniqlangan. Ular bo‘yicha jami 936 million so‘mlik ma’muriy jarimalar qo‘llanilib, belgilangan tartibda undirish choralari ko‘rilgan.
Tadbirda ta’kidlanganidek, inspeksiya tomonidan suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, noqonuniy ulanishlarning oldini olish hamda aholining ichimlik suviga oid madaniyatini oshirish bo‘yicha doimiy ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar va blogerlar sohadagi mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish yo‘nalishida o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA