Suvchilarga elektro skuter va planshetlar topshirildi
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida suv resurslaridan samarali foydalanish, ta’minot tizimini zamonaviylashtirish va raqamli texnologiyalarni amaliyotga joriy etish maqsadida navbatdagi amaliy tashabbus hayotga tatbiq etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi xodimlariga xizmat faoliyatini yengillashtiruvchi texnik vositalar – elektro skuter va planshetlar topshirildi.

Tantanali tadbirda Quyi-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Nurkamol Ataqulov, tuman hokimi Ulug‘bek Yo‘ldoshev, sohada ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassislar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida ish faoliyatida alohida natijalar ko‘rsatgan gidrometr va uchastka rahbarlariga elektro skuterlar hamda elektro muravey hamda planshetlar tantanali tarzda topshirildi. Bu texnika vositalari orqali xodimlar chekka hududlardagi suv inshootlariga tezkor borish, ob’ektlardagi holatni o‘rganish hamda muammolarni joyida hal etish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

— Elektro skuterlar, ayniqsa, uzoq masofalardagi aholi punktlariga tezkor xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi tuman hokimi Ulug‘bek Yo‘ldoshev. — Bu kabi vositalar xizmat samaradorligini oshirish, vaqt va resurslarni tejash imkonini beradi.

Shuningdek, taqdim etilgan planshetlar orqali suv hisoboti, iste’molchilar haqidagi ma’lumotlar va boshqa zarur axborotlar elektron shaklda kiritilib, ma’lumot almashinuvi tezlashtiriladi. Bu jarayon esa boshqaruvda avtomatlashtirish va shaffoflikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar suv resurslaridan oqilona foydalanish, ta’minot jarayonlarida raqamlashtirishni kengaytirish, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida ish yuritish kabi masalalarning ahamiyatini alohida ta’kidlashdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri