O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev joylarda amalga oshirilayotgan ishlar, hududlardagi suv ta’minoti holatini o‘rganish, aholi va suv iste’molchilari bilan bevosita muloqot qilish maqsadida Jizzax viloyatining Mirzacho‘l va Do‘stlik tumanlarida bo‘ldi.
Vazir dastlab, Mirzacho‘l tumanining “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘inida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari va sug‘orish tizimlarining mavjud holati bilan tanishdi. Shundan so‘ng ekin maydonlarida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, suvdan oqilona va samarali foydalanish masalalari yuzasidan dehqon va fermer xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Tashrif davomida vazir Do‘stlik tumani markazidagi bir nechta mahallalarda ham bo‘lib, dehqon va fermer xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari bilan ham suhbatlashdi. Ushbu uchrashuvda dehqon va fermer xo‘jaliklari rahbarlari sug‘orish mavsumida duch kelayotgan muammo va qiyinchiliklarni ochiq-oydin bayon etdi.
Vazir mazkur hududdagi mavjud holatni o‘rganib, tizim tashkilotlari rahbarlariga tegishli topshiriqlar berdi. Jumladan, ichki sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash, mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish va bu boradagi muammolarni bartaraf etish uchun zarur choralar belgilandi. Ochiq muloqotlar jarayonida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga Suv xo‘jaligi vaziri tomonidan batafsil javob berildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri