Kunlar isishi bilan bozor rastalarida quyosh nuridan to‘yingan sarxil mevalar xalqimiz dasturxoniga tortiq qilinadi. Bolajonlar kunning jaziramasidan salqinlanish uchun ariq va anhorlar, havza va favvoralar sari oshiqadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari dunyodagi ko‘plab kasalliklar suv, yaxshi yuvilmagan meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqishini qayd etishadi. Shu bois bahor va yoz faslida ko‘p uchraydigan kasalliklardan saqlanish uchun e’tibor qaratish zarur bo‘lgan jihatlar haqida ma’lumotga ega bo‘lish foydadan holi emas.
Bu mavsumda ich terlama, paratif, bakterial dizenteriya, oziq-ovqat toksiko-infeksiyasi kabi yuqumli ichak kasalliklari ko‘p uchraydi va ularning har birini ma’lum turdagi qo‘zg‘atuvchisi bo‘lib, klinik kechishi hamda epidemiologiyasi bilan farqlanadi.
Ichak infeksiyalari uchun kasallik qo‘zg‘atuvchisining og‘iz orqali kirishi va me’da-ichak yo‘lida tez ko‘payishi kuzatiladi. Kasallik qo‘zg‘atuvchilari sog‘lom odamga ifloslangan suv, oziq-ovqat mahsulotlari, bemorga qarashda ishlatiladigan buyumlardan foydalanish, o‘yinchoqlar, o‘rin-ko‘rpa, choyshab va boshqalardan yuqishi mumkin. Shu bilan birga, ichak infeksiyalarining tarqalishida pashshalar ham asosiy o‘rin tutadi.
Ichak infeksiyasi qo‘zg‘atuvchilari me’da-ichak yo‘li faoliyatini buzibgina qolmasdan, markaziy asab tizimini ham shikastlaydi.
Ich terlama yoki qorin tifi ham yuqorida aytilgani kabi o‘tkir yuqumli kasalliklardan biri bo‘lib, bunda bemorning isitmasi ko‘tarilib, ichi buziladi va badaniga toshma toshadi.
Ich terlama mikroblari tashqi muhitdagi (suv, tuproq, oziq-ovqat va boshqa) namlikka, quyosh nuri tushish-tushmasligiga qarab bir qancha vaqt tirik turadi. Ariq, hovuz, daryo suvining ifloslanishi, shuningdek, sabzavot, ho‘l meva, sut va boshqa ovqatlarga pashsha qo‘nishi ich terlama yuqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Kasallik mikroblari oziq-ovqatga iflos qo‘ldan, sabzavotga esa najas bilan o‘g‘itlangan dala tuprog‘idan o‘tishi mumkin. Qulay sharoitda kasallik mikroblari sut va suyuq ovqatda ham ko‘payadi.
Ich terlama mikroblari odam organizmiga og‘izdan kirib, ingichka ichakka o‘tadi va uning devorlaridagi limfa tugunlarda ko‘payib, ularni yallig‘lantiradi. Shundan so‘ng boshqa a’zo va to‘qimalarga tarqalib, yangi yallig‘lanish o‘choklarini yaratadi. Mikroblar jigar, o‘t yo‘llari, o‘t pufagi, ko‘mik va buyraklarga o‘rnashib olsa, surunkali bakteriya tashuvchilikka olib kelishi mumkin.
Ich terlama yuqqandan 10 – 21 kun (yashirin davr) o‘tgach, bemorda darmonsizlik kuzatiladi, badanida og‘riq kuchayadi, boshi og‘rib, uyqu va ish-taha yo‘qoladi. Isitmasi ko‘tarilib, birinchi haftada 39 – 40° ga yetadi va shu darajada turadi. Kasallikning dastlabki davrida bemor tili karash boylab, og‘zidan yoqimsiz hid keladi, ba’zan jigar va taloq kattalashib, ichi kelmaydi, qorinda dam paydo bo‘lib, bemor loqayd bo‘lib yotadi (apatiya), terisi qo‘lga issiq va quruq tuyuladi. Kasallikning 9 – 12-kuni bemor badanida (aksar hollarda qornida) teridan salgina ko‘tarilib turadigan och pushti, yumaloq dog‘lar ko‘rinadi, ular barmoq bilan bosilganda yo‘qoladi.
Til quruq, ikki cheti va uchi qip-qizil bo‘ladi, kasallik belgilari aniq ko‘rinadigan davr bemor hayoti uchun ko‘proq xavf tug‘diradi. Bu davrdan keyin kasallikning asosiy belgilari sekin-asta pasaya boshlaydi. Bemor to‘la quvvatga kirguncha kamida 4-5 hafta o‘tadi.
Kasallikka chalingan bemorlar orasida uy sharoitida davolanishni xohlovchilar ham uchraydi va noto‘g‘ri tanlov. Odatda bemorni davolash va parvarish qilish uchun shifoxonaning alohida bo‘limiga yotqizish talab etiladi. Shifokor nazoratidagi bemorga isitmasi tushgunga qadar o‘tirish va yurishga ruxsat berilmaydi. Og‘zi paxta yoki doka bilan artib turiladi.
Ich terlamada bemorni to‘g‘ri ovqatlantirish davolashning ajralmas qismi hisoblanadi. Ovqat ichakka zo‘r kelmaydigan, yetarli kaloriyali, vitaminli, turli-tuman bo‘lishi kerak. Bu vaqtda bemorga sut, qatiq, qaymoq, sariyog‘, kisel, shirguruch, kam yog‘li shovla, kompot, qiymalangan go‘sht, qaynatma sho‘rva suvi, pishirib ezilgan sabzavotlar berish mumkin.
Kasallikka chalingan bemorning ichi yurib turishi nazorat qilinadi, zarur holda huqna qilish kerak. Uning idish-tovog‘i ishlatilgandan keyin har gal qaynatiladi, bemorga tutiladigan tuvak issiq suvda yuviladi va 5 foizli xlorli ohak eritmasi yoki 3 foizli lizol eritmasiga ho‘llangan latta bilan artiladi. Kir kiyimlar 3 foizli xlorli ohak eritmasi bilan ho‘llangan maxsus xaltaga yig‘ilib, dezinfeksiya qilinadi, so‘ng yuviladi. Uyni yig‘ishtirish va tozalashdan chiqqan axlat yoqiladi.
Kasallikdan saqlanish uchun kundalik hayotda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish talab etiladi. Qaynatilmagan suv va pishirilmagan sut ichmaslik, yuvilmagan ho‘l meva hamda sabzavot yemaslik, ovqatdan oldin albatta qo‘lni yuvish, meva, oziq-ovqatni pashsha tegmaydigan joyda saqlash, hojatxonani ozoda tutish muhim.
Nodira SHONAZAROV,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti o‘qituvchisi