Suv ustidagi raqs (+video)1-qism
"Rassom ustaxonasi" loyihasining bugungi qahramoni iste’dodli akvarel ustalaridan biri — rassom Ilhom Osmon.
Akvarel san’ati jahon tasviriy san’atining eng qadimiy va nafis yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Afsuski, bu san’at turida ijod qilayotgan rassomlar O‘zbekistonda unchalik ko‘p emas. Ana shunday iste’dodli akvarel ustalaridan biri — rassom Ilhom Osmon.
Biz uning ijod namunalari bilan tanishar ekanmiz, har bir asar o‘ziga xos joziba va nafosatga ega ekaniga guvoh bo‘lamiz. Rassomning kartinalarida ranglar xuddi kamalak jilosidek tovlanadi, ularning uyg‘unligi esa tomoshabinni betakror ranglar olamiga yetaklaydi. Har bir kartinaga nazar tashlar ekansiz, go‘yo ranglar og‘ushida sayr qilasiz. Dengiz suvlari billurdek musaffo va yorug‘ jilolanadi, to‘lqinlar uzra ranglar raqsga tushgandek taassurot uyg‘otadi. Ayniqsa, asarlarga ma’lum masofadan qaralganda kompozitsiyaning yaxlitligi va rassomning g‘oyasi yanada ravshan namoyon bo‘ladi.
Ilhom Osmon o‘z ijodida asosan Turkiyaning so‘lim dengiz sohillari, kemalari, musaffo osmoni hamda tabiatning rang-barang va betakror manzaralarini akvarel bo‘yoqlari orqali mohirona aks ettiradi. Uning asarlari tomoshabinni tabiat go‘zalligi va ranglar sehrini yanada chuqurroq his etishga undaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MqTkftc9458" title=""Rassom ustaxonasi": Ilhom Osmon 1-qism" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Munira Ramazonova, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA