22-mart – Butunjahon suv kuni munosabati bilan «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetida anjuman bo‘lib o‘tdi.
«Suv tinchlik uchun» mavzusidagi anjuman Oliy Majlis Senati, Suv xo‘jaligi vazirligi, milliy tadqiqot universiteti, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) tomonidan moliyalashtirilgan O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi, shuningdek, USAIDning suv resurslari va zaif muhit bo‘yicha mintaqaviy loyihasi hamkorligida tashkil etildi.
Mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlar, yangi huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, suvni asrash va tejash, xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) tomonidan moliyalashtirilgan O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
2023-yil yakunida O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi doirasida oliy o‘quv yurtlarida suv resurslarini boshqarish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida «Suv tekin emas» tanlovi o‘tkazilgan va g‘oliblar taqdirlangan edi.
Uning mantiqiy davomi sifatida tashkil etilgan «Suv tekin emas-2» videoroliklar tanloviga 100 ga yaqin videorolik kelib tushdi. Anjuman doirasida mazkur tanlovning g‘oliblari taqdirlandi.
O‘zA