Suv tejalmoqda – samaradorlik oshmoqda
Oxirgi yillar mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, global iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jaligida zamonaviy, tejamkor texnologiyalarni joriy etish ustuvor vazifalardan biriga aylangan.
Bu borada Toshkent viloyatida ham amalga oshirilayotgan ishlar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, 2026-yilda viloyatda jami 41 ming 642 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan. Jumladan, 9 ming 700 gektarda tomchilatib, 3 ming gektarda yomg‘irlatib, 2 ming 200 gektarda esa diskret usulda sug‘orish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, 6 ming 742 gektarda egatlarga plyonka to‘shab sug‘orish, 5 ming gektarda egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish hamda 15 ming gektar maydonda yerlarni lazerli tekislash ishlari rejaga kiritilgan.


Mazkur vazifalar izchil amalga oshirilmoqda. Hozirgacha hududda jami 20 ming 754 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Xususan, 1 ming 315 gektarda tomchilatib, 2 ming 500 gektarda yomg‘irlatib, 550 gektarda diskret sug‘orish texnologiyalari tatbiq qilindi. Shuningdek, 1 ming 100 gektar maydonda egiluvchan quvurlar va egatlarga plyonka to‘shash ishlari bajarildi. 15 ming 238 gektar yerda esa lazerli tekislash amalga oshirildi.


Muhimi, bu kabi zamonaviy texnologiyalar suv sarfini 30-40 foizgacha kamaytirish, hosildorlikni esa sezilarli darajada oshirish imkonini beryapti. Natijada fermer va dehqonlarning daromadi ortib, yer unumdorligi yanada ortmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tomchilatib sug‘orish usuli o‘simlik ildiziga suvni aniq me’yorda yetkazib beradi. Yomg‘irlatib sug‘orish esa suv taqsimotini bir tekis ta’minlaydi. Lazerli tekislash natijasida yer maydoni mutanosib holatga keltirilib, suvning isrof bo‘lishi oldi olinadi. Bu esa kam xarajat bilan yuqori samaraga erishish imkonini yaratadi.


– Asosiysi, suv tejalmoqda, – deydi Chirchiq –Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Qurbonov. – Viloyatda amalga oshirilayotgan bu kabi sa’y-harakatlar nafaqat qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, balki oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ekologik barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, fermer va dehqonlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, subsidiya va imtiyozlar ajratish samaradorlikni yanada oshirishga zamin yaratmoqda. Bu ezgu ishlar yurtimizning agrar sohadagi barqaror taraqqiyotini ta’minlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bilan birga, joylarda ariq hamda kanallar maxsus texnikalar va ishchilar jalb etilgan holda bosqichma-bosqich tozalanmoqda. Mazkur ishlar suv o‘tkazuvchanlikni oshirish, sug‘orish tizimi samaradorligini ta’minlash va yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga xizmat qiladi.
A.Musayev,O‘zA.