Suv ta’minoti tizimida nimalar o‘zgardi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 19 avgustdagi “Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ichimlik va oqova suv yo‘nalishidagi qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish kiritildi.
Bu haqida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan brifingda ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, belgilangan tartibga ko‘ra suvni hisobga olish asboblarining saqlanishi, butligi va plombalarning buzilmaganligi yuzasidan javobgarlik iste’molchiga yuklangan. Endilikda yangi qurilayotgan ko‘p kvartirali uylarning sovuq suv hisoblagichlarini xonadonlarning tashqarisida (zinapoyalar, yerto‘lalar va boshqa qismida) o‘rnatilgan holatlarda javobgarlik ta’minotchi korxonaga yuklanadi. Shuningdek, I guruh iste’molchilari, avans tariqasida kommunal xizmatlar uchun 2 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lovlarni avvaldan amalga oshirib qo‘ygan bo‘lsalar, ular shu vaqt mobaynida tariflarning o‘zgarishi tufayli to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lovlardan ozod etiladi. Ya’ni, oldingi tartibga ko‘ra, bu muddat 12 oy (1 yil) ni tashkil etar edi.
Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmati ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish tartibiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, endilikda, davlat byudjeti va davlat tomonidan jalb qilingan barcha mablag‘lar hisobidan amalga oshirilayotgan ichimlik va oqova suv yo‘nalishidagi loyihalar "Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi" DUK tomonidan majburiy ravishda ekspertizadan o‘tkaziladi va yangi quriladigan ichimlik va oqova suv yo‘nalishidagi ob’ektlar va tizimlarni loyihalashtirishda mazkur hududning to‘liq qamrov darajasi inobatga olinadi hamda ichimlik suvi manbalari va ularning zaxirasiga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu bilan birga, endilikda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv sohasida investitsiya loyihasi takliflari mahalliy hokimiyat vakillik organlari deputatlari tomonidan hududiy ichimlik suv ta’minoti tashkilotlari bilan birgalikda joylarga chiqqan holda aholi punktlarining faollari bilan muhokama qilinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlarida muhokama qilishga kiritiladi. Shuningdek, qarorda xorijiy banklardan olingan kreditlar evaziga amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining bajarilish muddatlari uzaytirib berilgan.
Tadbirda sohaga oid qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklardan batafsil xabardor bo‘lishni istaganlar rasmiy manbalarga murojaat qilishlari so‘raladi.
Nilufar Bozorova,
O‘zA