Suv ta’minoti sohasida kadrlar siyosati
“O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan “Suv ta’minoti sohasida kadrlar siyosati: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro matbuot anjumani o‘tkazildi.
Jamiyat rahbariyati va mutasaddilari, xalqaro moliya institutlari vakillari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda suv ta’minoti tizimida olib borilayotgan kadrlar siyosatining asosiy yo‘nalishlari, soha mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada istiqboldagi rejalar xususida so‘z bordi.
Ta’kidlanganidek, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va uning tizim tashkilotlarida jami 22 617 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ularning kasbiy malakasini oshirish uchun o‘qitish va qayta tayyorlash dasturlarini amalga oshirish, yuqori salohiyatga ega kadrlar zaxirasini shakllantirish, kadrlar qo‘nimsizligining oldini olish choralarini ko‘rish, mehnat bozorini o‘rganish hamda tahlil qilish sohadagi kadrlar siyosatining ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
– Sohaga jalb qilinayotgan xorijiy investitsiyalar hisobidan mamlakatimizda aholining markazlashgan ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasini tubdan oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida qator innovatsion texnologiyalar, shu jumladan, SCADA axborot yig‘ish va dispetcherlik nazorat tizimi, geoaxborot tizimi, yangi billing tizimi joriy qilindi, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Xurshid Raxmatullayev.
– Bu esa o‘z navbatida, soha mutaxassislarida yangi texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning bilim va malakasini oshirishni taqozo etmoqda. Shu bois joriy yilning fevral-mart oylarida hududlar kesimida iqtisod, ekspluatatsiya, texnika xavfsizligi bo‘yicha 292 nafar mutaxassislarning malakasini oshirish maqsadida o‘quv seminarlari va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Yil oxirigacha barcha hududiy suv ta’minoti tashkilotlarining yana 2 ming nafar xodimlarini o‘qitish rejalashtirilgan. Shuningdek, mart-aprel oylarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “O‘zsuvta’minot” AJ tasarrufidagi hududiy suv ta’minoti korxonalarining 32 nafar rahbar va xodimlari uchun “Ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya sohasida zamonaviy boshqaruv” mavzusida o‘quv kurslari o‘tkazilib, tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Bundan tashqari, hududiy suv ta’minoti korxonalari axborot xizmatlari rahbar va mutaxassislarining faoliyat samaradorligini oshirish, ularda axborot yetkazishning zamonaviy usul hamda vositalaridan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda o‘quv seminarlari tashkil etilgan.
Ayni kunlarda hududiy suv ta’minoti tashkilotlarida mehnat qilayotgan 660 nafar laboratoriya xodimlarini lavozimga loyiqligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Qolaversa, mahalliy mutaxassislarni dunyo tajribasida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar bilan tanishtirish va ularning malakasini oshirish maqsadida Latviyaning “CLEANTECH LATVIA”, Koreya Respublikasining “K-Water”, Fransiyaning “Suez” kompaniyalari va boshqa xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, suv ta’minoti korxonalari xodimlarining ushbu davlatlarga xizmat safarlari muntazam tashkil etilmoqda.
Anjumanda so‘zga chiqqan xalqaro moliya institutlari vakillari O‘zbekistonda ichimlik suv ta’minoti tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani, ularning samarali tadbiq etilishida sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarning hissasi beqiyos ekanligini ta’kidlab, ularning bilim va malakasini yanada oshirish uchun bundan keyin ham yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
[gallery-7311]
Nilufar Bozorova,
Oybek Pardayev (surat )O‘zA