Suv ta’minoti: amaliyot, tajriba va samara
“Andijon viloyati suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Andijon viloyatida aholiga toza ichimlik suvi yetkazib berish jarayoni hamda ichimlik suvi narxining oshirilishi asoslari” mavzusida press-tur o‘tkazildi.
Bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat va nodavlat tashkilotlari matbuot xizmatlari rahbarlari, blogerlar, ijtimoiy tarmoq faollari Xonobod shahridagi “Kampirrovot” suv tozalash inshootida bo‘ldi. Ularga suv tozalash inshooti rahbari Abdumajid Mamasidiqov inshoot faoliyati, bu yerdagi jarayonlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
– "Kampirrovot" suv omboridan kelib tushgan suv dastlab inshootning suvni tozalash tizimidagi mavjud 14 ta hovuzda tozalanadi, – deydi A. Mamasidiqov. – Ya’ni suv mayda, o‘rta va yirik tozalash hamda maxsus moslamalardan o‘tkazilib, tindiriladi.
[gallery-14088]
Tadbir ishtirokchilari inshootda bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan jarayonlarni bevosita kuzatdi. Ya’ni tozalangan suv katta hajmdagi suv saqlanadigan rezervuarlarga o‘tkazilib, suyuq xlor yordamida zararsizlantiriladi. Mutaxassislar tomonidan zararsizlantirilgan suv kimyoviy laboratoriya bo‘limi xodimlari tomonidan har soatda tahlildan o‘tkazib borilishi, belgilangan parametrlar bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazilgan suv toza ichimlik suvi sifatida Xonobod, Qorasuv, Andijon shaharlari, shuningdek, Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq, Xo‘jaobod, Asaka tumanlariga yetkazib berilishi aytib o‘tildi.
Inshootda bir kecha kunduzda ikki yuz ming kub suv tindirilib, tozalanib, zararsizlantirilib, iste’molga yaroqli holatga keltiriladi va aholiga yetkazib beriladi. Shuningdek, press-tur davomida mutaxassislar ishtirokchilarga aholiga toza ichimlik suvi yetkazib berish xarajatlarining ortib borayotgani, ichimlik suvi uchun to‘lovning oshirilishi sabablarini tushuntirib berdi. Ma’lumot o‘rnida, Andijon viloyatida joriy yilning 5 oktyabridan ichimlik suvi uchun to‘lov narxi ikki barobarga oshirilib, 1 tonna ichimlik suvning narxi 1 ming 500 so‘m etib belgilandi. Shunga qadar viloyatda 1 tonna ichimlik suvi uchun to‘lov narxi 750 so‘m bo‘lgan.
Press-tur davomida ishtirokchilar mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA