Milliy matbuot markazida Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuniga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hujjatlarga muvofiq, geologiya va mineral resurslar organlari tegishliligiga ko‘ra shifobaxsh suvlar qatoriga kiritilgan suv ob’ektlaridan, ayrim hollardagina sog‘liqni saqlash organlari va kurort boshqarmalari bilan kelishilgan holda boshqa maqsadlar uchun foydalanishga ruxsat berishi mumkin.
O‘zbekistonda so‘nggi 2 yil davomidagi suv taqchilligiga barchamiz guvoh bo‘ldik. Respublika suv resurslari, ayniqsa foydalanish uchun yaroqli bo‘lgan suv resurslari cheksiz emas. Respublika suv resurslarining ¼ qismini yer osti suvlari tashkil qiladi. Shundan 80 foizi foydalanish uchun yaroqli. Mana shu yaroqli suvlarning 40 foizi ichishga yaroqli hisoblanadi.
bugungi kundagi olinayotgan yer osti suvining miqdori 7 mlrd.m3/yilni tashkil qilmoqda. Lekin, amalda bunga 1,5 baravarga ko‘p bo‘lishi mumkin. Buni hozircha aniqlashning imkoni bo‘lmayapti. Chunki, suvdan foydalanuvchilarimiz tomonidan qazilgan quduqlar va olinayotgan suvlar haqidagi ma’lumotlar taqdim etilmayapti. Har bir viloyatlardagi 1 tadan yer osti suv monitoringi bo‘linmasi (bo‘linmada sohaga oid 2 mutaxassis mavjud) bilan buni qamrab olishning ham imkoni bo‘lmayapti.

Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalalari yuzasidan yig‘ilishda 2022 yilning o‘zida markazlashgan ichimlik suvi ta’minotini 75 foizga yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi.
– Shahardagi aholi punktlarida suvning asosiy qismi hojatxonalar orqali sarflanadi, – deydi Davlat geologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Rasuljon Begmatov. – Toshkent shahridagi 3 million aholi bir sutkada 5-10 marta hojatxonadan foydalanadigan bo‘lsa, u holda har kuni 130-170 million litr, ya’ni 1-1,3 million aholiga yetarli bo‘lgan chuchuk suvlar isrof bo‘lmoqda. Agar buni respublika bo‘yicha hisoblab, o‘rta hisobda 17-20 million aholi shahar sharoitida yashaydi desak, bir kunda 7 million aholiga yetarli bo‘lgan 1 milliard kub metr chuchuk suv maqsadsiz foydalanilar ekan. Bundan tashqari yana bir qator ehtiyojlar, ogorodlarni sug‘orish, suv sepish, tozalov, mashina yuvish kabilar uchun ham chuchuk suv shart bo‘lmasa kerak.
Matbuot anjumanida bugungi kunda suv resurslarini muhofaza qilish ulardan hisobli va oqilona foydalanishni talab darajasida yo‘lga qo‘yish o‘ta og‘ir bo‘layotgani qayd etildi. Shuningdek, sohaga oid uchta nazorat organlari mavjud ekanligi qayd etildi. Ammo bu inspeksiyalar orasidagi ma’lumotlar integratsiyasi yetarli emas.
Shuningdek, matbuot anjumanida yer osti suv resurslarini muhofaza qilish, suvdan hisobli va maqsadli foydalanishni joriy qilish bilan birga, suvni tejash masalalariga, yer osti suv resurslarini sun’iy to‘yintirish, rezervdagi ichimlik suv manbalarini yaratish, sohaga oid qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA