“Sirdaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tashabbusi bilan Guliston shahar suv ta’minoti bo‘limida faoliyat yuritayotgan 20 nafar hudud nazoratchisi zamonaviy elektr skuterlar, planshetlar va zarur texnik jihozlar bilan ta’minlandi. Tadbirda jamiyat direktori Shahboz Akramov hamda viloyat prokuraturasi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Mazkur jihozlar suv ta’minoti tizimini samarali boshqarish, nazoratni kuchaytirish hamda xodimlarning mehnat unumdorligini oshirish maqsadida topshirildi. Shu orqali aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifati yanada oshishi kutilmoqda.

– Skuterlar xodimlarimizga tezkor va qulay harakatlanish imkonini beradi. Planshetlar esa hisob-kitob ishlari, monitoring hamda nazorat jarayonlarini raqamlashtirishga xizmat qiladi. Bu o‘z navbatida, xizmat samaradorligini oshirib, shaffoflikni ta’minlaydi, – dedi “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ direktori Shahboz Akramov.

Texnik jihozlardan foydalanish orqali xodimlar xizmat ko‘rsatish hududidagi ob’ektlar holatini tezkor baholash, ma’lumotlarni jamlash va tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega.

Ayni paytda “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ tomonidan raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy boshqaruv uslublarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri