Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
— Suv va suvdan foydalanish sohasida yagona huquqiy hujjat yaratish maqsadida ishlab chiqilgan Suv kodeksi loyihasida bir qator muhim normalar o‘z aksini topmoqda, — dedi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutov. — Jumladan, unda belgilanayotgan normalar suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy shart-sharoitlar yaratishga, suv yetkazib beruvchilar va suv iste’molchilarining mas’uliyatini oshirishga, suvdan foydalanishda ruxsatnoma olish tartibi soddalashtirilishiga xizmat qiladi.
Kodeks loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida mas’ul organlarning vakolatlari, vazifa va funksiyalarini aniq belgilash, suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, suvdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlarini soddalashtirish, suvni iste’molchilar orasida taqsimlashning yangi mexanizmlari joriy etishga alohida ahamiyat qaratildi.

Bundan tashqari, kodeks loyihasida suv resurslarini boshqarish, ulardan foydalanish va muhofaza qilishga doir kompleks hamda muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, suv tejovchi texnologiyalardan keng foydalanishni rag‘batlantirish masalalari aks etmoqda.
Shuningdek, suv to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligi o‘z aksini topmoqda. Xususan, suvdan foydalanishda belgilangan limitdan ortiqcha foydalanilgan har ming kub metr suv uchun birinchi marta BHMning 20 foizi miqdorida jarima solish nazarda tutilmoqda.
Ikkinchi marta foydalanilgan ortiqcha suv uchun esa 10 barobar ko‘p jarima solish ko‘zda tutilgan. Muhokamalarda deputatlar 10 barobar juda ko‘p ekani, uni kamaytirish lozimligini qayd etishdi. Muhokama va takliflardan so‘ng 10 barobar o‘rniga 5 barobar qilib belgilashga kelishildi.
Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan hujjat muhokamalarida yana bir qator savollar o‘rtaga tashlandi. Ayrim normalarni maromiga yetkazish lozimligi aytildi. Shuning uchun kodeks loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA