Global iqlim o‘zgarishi, aholi soni va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sishi suvga bo‘lgan talabni tobora oshirib, tiriklik manbai resurslarining taqchilligini yuzaga keltirmoqda. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, ularni boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor obihayot taqchilligini yumshatishga xizmat qilmoqda.

Surxondaryo viloyatida ham aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun keng qamrovli chora-tadbirlar belgilanib, salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan To‘palang suv omboridan olib kelinayotgan minerallarga boy ichimlik suvi 500 ga yaqin mahalladagi 1 million 700 mingdan ortiq aholining toza ichimlik suv muammosini hal etadi. Termiz tumanidagi Sabzipoya mahallasi hududida qazilayotgan artezian quduqlari to‘liq ishga tushsa, viloyat markazi va Termiz tumanidagi 62 ming iste’molchining ichimlik suv ta’minotini tubdan yaxshilaydi. Shuningdek, joylarda artezian qudug‘i qazilib, aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, eskirgan suv minoralari va suv quvurlarini yangilab, iste’molchilarga sifatli ob-hayot yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.
Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Hazarbog‘–Oqqapchig‘ay kanallar tizimini qayta tiklash” loyihasi ekin suvlarini isrof qilmaslik va kanallar hajmini kengaytirib, ularning suv o‘tkazish qobiliyatini yaxshilashda muhim o‘rin tutadi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyaning uchinchi yo‘nalishida aynan suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishdek muhim vazifa belgilangani ham yurtimizda suv taqchilligining oldini olishda muhim dasturilamal vazifasini o‘taydi. Strategiyada suv ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suv tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sug‘orish texnologiyasini 600 ming gektargacha yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tuproq qoplamali kanallarni beton qoplamaga hamda ichki sug‘orish tarmoqlarining yopiq quvurli sug‘orish tizimlariga o‘tkazish bo‘yicha yetti yillik dastur doirasida irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti ko‘rsatkichini 0,73 gacha yetkazish belgilangan.
Albatta, suv sarfini besamar ketkazmaslik uchun uzoq muddatga mo‘ljallangan suv resurslari balansi ishlab chiqilib, doimiy tizimli monitoring o‘rnatiladi. Suvni qayta ishlash, yetkazish va taqsimlash tizimida kamchiliklar mavjudligi e’tiborga olinib, bu jarayonga endilikda xususiy sektor ham jalb etiladi. Suvni qayta ishlash va yetkazish texnologiyalari yangilanadi. Qo‘shni davlatlar bilan suv resurslarini integrallashgan holda boshqarish, transchegaraviy suv resurslari va davlatlararo suv xo‘jaligi ob’ektlaridan birgalikda foydalanish masalasida faol ikki taraflama manfaatli hamkorlik davom ettiriladi. Obi–hayotni isrof qilmay foydalanishda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash eng oqilona yo‘l. Shu bois dunyoda aynan shunday texnologiyalarga ehtiyoj ortib bormoqda. Strategiyada ularni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning yillik quvvatini 300 ming gektarga yetkazish, barcha ichimlik suv iste’molchilariga hisoblagichlar o‘rnatish, yana irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilish va beton qoplamali kanallar ulushini 46 foizgacha yoki 13,2 ming kilometrga oshirish ko‘zda tutilayotgani bu borada yaxshi natija beradi. Ma’lumki, mamlakatimizda suv resurslari uch xil maqsadga, jumladan, aholi uchun toza ichimlik suvi va ishlab chiqarish korxonalari ta’minotiga, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishga yo‘naltiriladi. Bu tarmoqlarning barchasini obi-hayot bilan ta’minlash muhim masala. Xo‘sh, buning uchun suv resurslari qanday shakllanadi? Aytish kerakki, daryolarda to‘planadigan suvlar, tabiiy yog‘ingarchilik, yer osti suvlari — bizning eng asosiy suv manbaimizdir. Demak, o‘z-o‘zidan asosiy maqsad ana shu manbalarni to‘liq nazoratga olish, ulardan ishlab chiqarilayotgan toza suv hajmlarini ko‘paytirish, eng muhimi, suv iste’molida yuzaga kelgan tartibsizlik va isrofga chek qo‘yishdan iboratdir. Suv isrofgarchiligining oldini olish, yurtdoshlarimiz ongu shuurida suvdan tejab foydalanish madaniyatini yuksaltirish har bir kishining, jamoat tashkilotlari vakillarining muhim burchlaridan biriga aylanishi lozim. Shu ma’noda partiyamiz elektorati bo‘lgan tadbirkorlik subektlari, fermerlar va dehqon xo‘jaliklarida targ‘ibot tadbirlarini olib borishni ham maqsad qilib olganmiz. Mavridi kelganda aytish lozimki, suv manbalari O‘zbekistondagi ekotizimlar, jumladan, daryolar, ko‘llar va suv omborlari uchun muhim ahamiyatga ega. Olam tirikligini ta’minlovchi bu resurslarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish va ularni boshqarish biologik xilma-xillikni saqlashga, suv ifloslanishining oldini olib, ekoturizmni rivojlantirish imkonini beradi. Suvni tejash mamlakatga iqlim o‘zgarishiga moslashish va ichimlik suvining kamayishi, yong‘in va qurg‘oqchilik xavfining oshishi kabi salbiy ta’sirlarni yumshatishda muhim omil bo‘ladi. Strategiyada belgilangan vazifalar ana shunday ezgu maqsadlarga yo‘naltirilgani ahamiyatlidir.
Alisher Ro‘ziyev,
O‘zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi raisi,
Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati
O‘zA