Suv inshooti yangilandi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Uychi tumanida joylashgan “Jiydakapa” suv olish va uzatish inshooti to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Tantanali marosimda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov, “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Komilbek Yusupov, soha vakillari, nuroniylar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
“Jiydakapa” inshooti Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi loyiha doirasida zamonaviy texnologiyalar asosida ta’mirlandi. Natijada avvalgi 90-100 ming kub metr atrofidagi suv olish va uzatish quvvati 180 ming kub metr sutkagacha oshirildi. Inshootda energiya tejamkor dvigatel va nasoslar o‘rnatilib, SCADA raqamli boshqaruv va monitoring tizimi joriy etildi.
[gallery-31195]
Namangan shahrining ichimlik suvi ta’minotida muhim o‘rin tutuvchi mazkur inshoot shahar aholisining qariyb 60-65 foiziga ichimlik suvi yetkazib beradi. Shu bois uning rekonstruksiya qilinishi nafaqat inshoot imkoniyatlarini kengaytirish, balki Namanganda ichimlik suvi ta’minoti barqarorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Marosimda soha vakillari va nuroniylar ishtirokida ramziy lenta kesilib, “Jiydakapa” suv olish va uzatish inshooti yangi sharoit va imkoniyatlar bilan ishga tushirildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga inshoot faoliyati, uning texnik imkoniyatlari hamda joriy etilgan SCADA raqamli boshqaruv va monitoring tizimining ishlash tamoyillari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA