Suv fondi yerlaridan oqilona foydalanishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi
O‘zbekiston Respublmkasi Prezidenti “Suv xo‘jaligi sohasida bozor mexanizmlarini keng joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, suv fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, tenglik, shaffoflik hamda bozor tamoyillariga asoslangan ilg‘or xorijiy tajribani joriy etgan holda suv fondi yerlaridan qo‘shimcha iqtisodiy samara olish va yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsad qilingan.
Quyidagilar Suv xo‘jaligi vazirligi tizim tashkilotlari hisobidagi suv fondi yerlaridan oqilona foydalanishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi:
a) 2026-2027-yillarda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan 268 ming gektar suv fondi yerlarini xatlovdan o‘tkazish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish ishlarini yakunlash;
b) 2026-2027-yillarda suv xo‘jaligi tashkilotlari hisobidagi 30 ming gektar suv fondi yerlarini shaffof hamda bozor tamoyillariga asoslangan holda ijaraga berishni tashkil etish;
v) suv fondi yerlari uchastkalarini suv xo‘jaligi tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish;
g) 2027-yil yakuniga qadar suv fondi yerlarida 100 ming nafar aholi bandligini ta’minlash orqali ularga 220 milliard so‘m qo‘shimcha daromad olish manbaini yaratish.
Sohaga bozor mexanizmlarini keng joriy qilish maqsadida Suv fondi yerlarini ijaraga berishda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi "Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish" davlat muassasasi yagona buyurtmachi etib belgilandi.
Davlat muassasasi tomonidan suv fondi yerlari quyidagi yo‘nalishlarda ijaraga beriladi:
a) suv fondi yerlarining sohilbo‘yi mintaqalaridan turistik xizmatlar va suv bo‘yida plyaj zonalarini tashkil etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish;
b) suv fondi yerlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish.
To‘planib qolgan qum-shag‘al materiallaridan tozalanishi lozim bo‘lgan daryo o‘zanlari va suv xo‘jaligi ob’ektlari ro‘yxati Suv xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan o‘tkaziladigan o‘rganishlar natijalari asosida shakllantiriladi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining qo‘shma qarori bilan taqdiqlanadi.
Daryo va suv xo‘jaligi ob’ektlari o‘zanlarini tozalashda qirg‘oqlarning yuvilishiga va yaqin hududlarning suv bosishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan hamda suv oqimiga to‘sqinlik qilayotgan qum-shag‘al materiallari qazib olinishiga ruxsat etiladi.
Suv omborlari va sel-suv omborlari, kanallar, kollektorlar, tabiiy ko‘llar va gidrotexnika inshootlarini tuproq materiallaridan tozalash tadbirlariga tashabbuskor tadbirkorlik sub’ektlarini eng yaxshi takliflari asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida jalb qilishga ruxsat etiladi.
Suv omborlari va sel-suv omborlarining suvdan bo‘shagan hamda tuproq namligi saqlangan yerlaridan samarali foydalanish maqsadida ushbu yerlar tashabbuskorlarga qisqa muddatga ekin ekishga Davlat muassasasi tomonidan elektron onlayn auksion savdolari orqali ijaraga beriladi.
Tozalanishi lozim bo‘lgan suv xo‘jaligi ob’ektining loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun ushbu sohadagi ixtisoslashgan nufuzli loyiha tashkilotlari jalb etiladi.
O‘zA