Prezident qarori amalda
Surxondaryo boy turistik salohiyati bilan dunyoga qayta yuz ochdi. Qadimiy vohadagi noyob tarixiy-arxeologik yodgorliklar, muqaddas me’moriy obidalar, agro, eko, ziyorat, milliy hunarmandlik, gastronomik, tibbiyot kabi sayyohlik maskanlari nafaqat mahalliy, balki xorijlik turistlarni ham o‘ziga maftun etmoqda.
Prezidentimizning 2024 yil 16 dekabrdagi “Surxondaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm ob’ektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori vohaning turistik imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanib, sohani iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylantirishda muhim o‘rin tutadi.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida Sariosiyo tumanidagi “Sangardak”, Boysun tumanidagi “Omonxona” turizm qishloqlari hamda Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Oqtepa” suv omborining qirg‘oq bo‘yida “Obihayot” turistik markazlari bunyod etilib, sayyohlarga xizmat ko‘rsata boshlaydi.
Muxbirimiz Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev bilan qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida suhbatlashdi.
Prezidentimizning janubdagi qadimiy vohada turizmni rivojlantirishga qaratayotgan e’tiborlari viloyatning sayyohlik salohiyatini jahonga keng namoyish etishda muhim omil bo‘lmoqda. Uzoq o‘tmishdan so‘zlaydigan arxeologik yodgorliklari, tarixiy obidalari, eski shaharlar xarobalari, turli asrlarga oid osori-atiqalari bilan dunyo qadimshunoslarida katta qiziqish uyg‘otib kelgan Surxon vohasi endilikda go‘zal tabiat manzaralari, shifobaxsh buloq suvlari, ajdodlardan meros qolgan milliy hunarmandlik buyumlari, urf-odatlari, noyob turli taomlari bilan xorijlik turistlarning bu yurtga intilishini kuchaytirmoqda. Viloyatning eng maftunkor go‘shalarida “Omonxona”, “Sangardak” va “Obihayot” turistik maskanlarining barpo etilishi vohaga mahalliy va xorijlik sayyohlar oqimini yanada ko‘paytiradi. Bu markazlarni davlat muassasasi shaklida tashkil etilayotgan direksiya boshqarib, rivojlantiradi.
Qarorga muvofiq, ushbu hududlarda 2025-2027 yillarda mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari, xizmat ko‘rsatish majmualari va dam olish maskanlarini qurish uchun bo‘sh yer uchastkalarini 10 yil muddatda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilmoqda. Elektron onlayn auksion savdolarida realizatsiya qilingan yer uchastkalari bo‘yicha dastlabki to‘lov summasi 15 foizdan ko‘p bo‘lgan hollarda qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi bo‘yicha foizlarni hisoblash tartibi amal qilmaydi.
Ma’lumki, turizmni rivojlantirish sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatishni taqozo etadi. Shu o‘rinda ajratilayotgan yer maydonlarida quriladigan inshootlar haqida batafsilroq ma’lumot bersangiz.
Loyiha 945,5 gektar maydonda amalga oshiriladi. 26 ta mehmonxona, to‘rtta uy-mehmonxona, ikkita bungalo zonasi, ochiq va yopiq avtoturargohlar, bog‘, dam olish uchun piknik zonalar, ko‘prik, dor yo‘li, savdo rastalari, madaniy hordiq zonalari, sanatoriy, terminal, restoran, bolalar bog‘chasi, suvni tozalash inshootlari va beshta qirg‘oq zonasi barpo etish rejalashtirilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihalarni amalga oshirish uchun 1 trillion 604 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilayotir. Ularning yillik ishlab chiqarish samaradorligi 50,5 million dollarni tashkil etib, 753 kishining bandligini ta’minlash mo‘ljallanyapti.
Bilasizmi, dunyo iqtisodiyotida turizmning yetakchi tarmoqqa aylanayotgani sohada raqobatni yuzaga keltirmoqda. Endi turistlar nafaqat sifatli xizmatlardan foydalanishni, balki sayyohlik maskanlaridagi zamonaviy infratuzilmaga ham alohida ahamiyat berayotir. Masalaning shu jihatlari e’tiborga olinib, viloyatning Sariosiyo, Boysun va Jarqo‘rg‘on tumanlarida bunyod etiladigan yangi turistik maskanlarda infratuzilma rivojlantiriladi. Jumladan, 33,5 kilometr yo‘l tarmoqlari yangilanadi. 42 kilometr suv tarmog‘i quriladi. 17,5 kilometr masofadagi elektr tarmog‘i tubdan yaxshilanadi. 27 kilometr aloqa tarmog‘i barpo etilib, tezkor internet bilan ta’minlanadi. Endi turistlar Sariosiyo tumanidagi dunyoga mashhur “Sangardak” sharsharasini tomosha qilish, Boysun tumanidagi “Omonxona” shifobaxsh buloq suvidan bahramand bo‘lish barobarida osma dor yo‘lidan ham foydalanadi.
Qarorda “Sangardak” va “Omonxona” turizm qishloqlarida qurilishi belgilangan dor yo‘llari xususida qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz?
Sariosiyo tumanidagi “Sangardak” turizm qishlog‘i maftunkor sharsharasi bilan tanilgan. Boysun tumanidagi Omonxona esa shifobaxsh zilol suvi bilan shuhrat qozongan. Go‘zal va osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi ikki qishloqda osma dor yo‘llarining qurilishi sayyohlar uchun yanada ko‘proq imkoniyat yaratadi. Omonxona – Tomchi-buloq yo‘nalishi 4,21 kilometr, Omonxona – Zovboshi yo‘nalishi 3,85 kilometr masofada harakatlanadi. Sangardak qishlog‘i hududida 1,8 kilometrli osma dor barpo etiladi. Sangardakning master rejasi asosida xizmat ko‘rsatish majmualari va turizm infratuzilmasi ob’ektlari, jumladan, mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari, sog‘lomlashtirish, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish inshootlari, sanatoriy va xalqaro umummavsumiy kurort zona tashkil etiladi. Uning loyiha qiymati 887,7 milliard so‘mni tashkil etadi. Auksionga chiqarish uchun lotlari tayyorlanmoqda. 400 dan ortiq kishining ish bilan ta’minlanishi kutilmoqda.
Boysun tumanidagi “Omonxona” turistik markazi master rejasida ham xizmat ko‘rsatish majmualari va turizm infratuzilmasi ob’ektlari, mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari, sog‘lomlashtirish, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, sanatoriy va xalqaro umummavsumiy kurort zona tashkil etish belgilangan. Qiymati 408,5 milliard so‘mlik loyiha 20 ta lotdan iborat. Ikki yuzga yaqin kishining bandligi ta’minlanadi.
Ta’kidlaganingizdek, “Sangardak” va “Omonxona” mahalliy va xorijlik turistlarga tanilgan hudud. Biroq, Jarqo‘rg‘on tumanining Obihayot mahallasidagi “Oqtepa” suv ombori va uning hududi sayyohlar uchun sirli maskan. Ko‘pchilik bu so‘lim joyni eshitmagan ham bo‘lsa kerak. Suv omborning qirg‘oq bo‘ylarida mahalliy va xorijlik turistlarni hayratlanarli nimalar kutadi?
Bu joyda barpo etiladigan “Obihayot” turistik markazida ham xizmat ko‘rsatish majmualari va turizm infratuzilmasi ob’ektlari, mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari, sog‘lomlashtirish, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, sanatoriy va xalqaro umummavsumiy kurort zona tashkil etiladi. Uning loyiha qiymati 308,5 milliard so‘m. 21 lotdan iborat. Maydoni 110 gektarni tashkil etadi. Loyihada “yashil energiya”dan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Xabaringiz bor, so‘nggi yillarda bu yerga xorijliklarda qiziqish paydo bo‘lib qolgan. Suv omborning qirg‘oq bo‘yi maftunkor tabiat bog‘i va turli yovvoyi hayvonlari, qushlari, baliqlari, yozda shifobaxsh qumloqlari bilan tanilmoqda. Tabiat in’om etgan bu boyliklarni kashf etish albatta, har bir turist uchun zavq bag‘ishlaydi. Uning master rejasi asosida mehmonlarga sifatli xizmatlar ko‘rsatish uchun landshaft kompozitsiyalari, kuzatuv maydonchalari, plyaj hududlari tashkil etiladi. Hududga zamonaviy o‘rindiqlar o‘rnatilib, sport va boshqa qiziqarli madaniy tadbirlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Bu turistik markaz viloyatda suv turizmi yo‘nalishini rivojlantirish imkoniyatini berayotgani ham quvonarlidir.
Qarorda turistik markazlarni barpo etish ega-kesimi bilan aniq belgilab berilgan. Shunga ko‘ra, so‘lim va maftunkor bu joylardagi ob’ektlarni loyihalash, qurish va jihozlash ishlariga xorijiy tashkilotlar vakillari, investorlar va xorijlik mutaxassislarni jalb etish nazarda tutilgan. Lo‘nda qilib aytganda, viloyatda bo‘y ko‘rsatadigan yangi turistik markazlar vohaning tog‘li va tog‘ oldi hududlaridagi sayyohlik salohiyatidan yanada samarali foydalanib, turizmning yangi turlarini joriy etishga, sanatoriy va xalqaro umummavsumiy kurort zonalarini yangi bosqichda rivojlantirib, aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri