Surxondaryoning boy turistik salohiyati Malayziyada namoyish etildi
Joriy yilning 23-25 avgust kunlari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan “AITEX” Osiyo ziyorat turizmi va savdo ko‘rgazmasida mamlakatimizdan Toshkent shahri, Buxoro, Xorazm, Samarqand viloyatlari qatorida Surxondaryo vohasi delegatsiyasi ham faol qatnashib, hududning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlarini o‘tkazdi.
Surxondaryo viloyati mamlakatimizning yirik sayyohlik salohiyatiga ega qadimiy hududlaridan biri. Janubdagi vohaning o‘tmishdan saqlanib qolgan noyob tarixiy obidalari, arxeologik yodgorliklari, maftunkor tabiat manzaralari, milliy hunarmandligi sayyoramiz ahlida katta qiziqish uyg‘otib keladi.


O‘tmishdan yirik ilmiy-madaniy markazlardan biri bo‘lgan Termiz, ayniqsa, IX asrda Movarounnahrning eng katta va ko‘rkam shaharlaridan biri sifatida mashhur bo‘lgan. Shaharda ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalar o‘z davrining yuksak darajasida rivojlangan. IX-X asrlarda qadimiy bu go‘shada boshqa ilmlar qatori hadis va tasavvuf ilmi taraqqiy eta boshlagan. Ilm-fanning turli sohalari, jumladan, islom ilmlari bo‘yicha yetishib chiqqan allomalar “at-Termiziy” nisbasi bilan jahonga mashhur bo‘lgan. Ana shunday buyuk siymolardan – Abu Iso Muhammad Termiziy va Hakim Termiziylarning hayoti, ilmiy merosini o‘rganish va muqaddas xoki qo‘yilgan go‘shalarni ziyorat qilishga intilish ortib bormoqda. Shuningdek, islom dunyosiga oid Oltinsoy tumanidagi Sufi Olloyor, Muhammad Mavlono Zoxid, Denov tumanidagi Alovuddin Attor, Termiz shahridagi Kokildor ota xonaqohi, Sulton Saodat majmualari yildan-yilga xorijlik va mahalliy ziyoratchilar bilan gavjum bo‘lib borayotir. Prezidentimiz g‘oyasi bilan Termiz shahrida tashkil etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vohada yashab o‘tgan buyuk allomalarimizning hayoti va faoliyatini yanada chuqur o‘rganib, xorijlik islomshunos olimlar bilan birga boy ilmiy merosini tadqiq etishga xizmat qilmoqda.


Dunyoning 50 ga yaqin davlatidan turizm sohasi vakillari ishtirok etgan ko‘rgazmada Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari¬ –viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayev qadimiy vohaning sayyohlik va ziyorat turizmi salohiyati, turistlarga yaratilayotgan sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomidin Gadoyev mamlakatimizning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar, turizm sohasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, ziyorat turizmini izchil rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazdi.


–Mamlakatimiz uchun ajratilgan pavilondan joy olgan ko‘rgazmamizni barcha ishtirokchilar katta qiziqish bilan tomosha qildi, –deya Malayziyadan xabar qildi viloyat hokimi o‘rinbosari–¬viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayev. –Ularga nafaqat, buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolar, balki milliy hunarmandligimiz, gastronomik turizm va o‘tmishdan saqlanib qolgan milliy qadriyatlarimiz, xushmanzara tabiat manzaralarimiz hamda boshqa sayyohlik salohiyatimiz juda manzur bo‘ldi. Termiziylar hayoti va ilmiy merosini o‘rganish hamda turistik yo‘nalishlarda memorandumlar imzolandi.
Nufuzli ko‘rgazma qatnashchilari, shuningdek, Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrining tarixiy hamda zamonaviy sayyohlik markazlari, boy madaniyati, betakror arxitekturasi va san’ati, milliy an’analari bilan yaqindan tanishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri