Surxondaryolik saylovchilar ham muddatidan oldin ovoz bermoqda
Mamlakatimizda joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga Surxondaryo viloyatida ham puxta hozirlik ko‘rildi.
Shu kunlarda 9–Surxondaryo saylov okrugi hududidagi saylov uchastkalarida saylov kuni yashash manzilida bo‘lmaydigan fuqarolar muddatidan oldin ovoz bermoqda.

–Saylovchilarning muddatidan oldin o‘z xohish-irodasini bildirishi O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida belgilab qo‘yilgan, – deydi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raisi A.Xo‘jaqulov. – Muddatidan ilgari ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanib, saylovdan uch kun oldin tugallanadi. Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasining shu yil 20 iyundagi qarori bilan muddatidan oldin ovoz berish 2023 yil 28 iyun kunida boshlanib, 5 iyul kuni yakunlanishi belgilandi. Bu jarayonni o‘tkazish saylovchilar, kuzatuvchilar e’tiboriga ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali yetkazildi. Saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ish kunlari soat 9:00 dan 18:00 gacha, dam olish va bayram kunlari soat 11:00 dan 17:00 ga qadar amalga oshiriladi. Muddatidan oldin ovoz berish jarayonini yuqori saviyada o‘tkazish uchun har bir saylov uchastkasiga yetarli miqdorda saylov byulleteni yetkazib berildi.

Mamlakatmizda Qurbon hayiti nishonlanayotgan shukuhli kunlarda Surxondaryo viloyatidagi 861 ta saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish uchun barcha sharoit yaratilgan. Saylov kuni yashash joyida bo‘lmaydigan fuqarolar belgilangan vaqtda kelib, muddatidan oldin o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etmoqda. Jumladan, saylov kuni Boysun tumanidagi 1-kasb-hunar maktabida joylashgan 11-saylov uchastkasida Gaza mahallasida yashaydigan 2 ming 300 dan ortiq saylovchi ovoz berishi kutilmoqda. Ularning 41 nafari saylovlarda ilk marta qatnashayotgan yoshlardir. Mazkur saylov uchastkasida ham saylovchilar muddatidan oldin ovoz bermoqda.
–Uchastkamizda 11 nafar a’zodan iborat komissiya faoliyat yuritmoqda,–deydi 11- uchastka saylov komissiyasi raisi Ro‘zigul Xolmo‘minova.– muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yuqori saviyada ochiq, oshkora o‘tkazish uchun barcha qulaylik mavjud. O‘quv seminarlarida bilim va ko‘nikmamizni oshirdik. Yetarli saylov byulleteni oldik. Muddatidan oldin ovoz berish boshlangan dastlabki kundan ma’lum sabablarga ko‘ra saylov kuni mahallamizda bo‘lmaydigan fuqarolarimiz kelib, emin-erkin o‘z xohishini bildirib ketmoqda. Shu paytgacha 9 nafar saylovchi konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib, muddatidan oldin saylovda ishtirok etdi.

Gaza mahallasida muddatidan oldin ovoz berganlar safida Nigora Choriyeva ham bor. Saylov kuni hududdan olis tumanlardan biriga sovchilikka yo‘l olishni oldindan rejalashtirib qo‘ygan onaxon 9 iyulda saylov uchastkasiga kelolmasligini aytib, komissiya a’zolariga murojaat etdi. Bu masala belgilangan tartibda hal etilib, Nigora Choriyevaning muddatidan oldin ovoz berishi uchun zarur sharoit yaratildi.
– Saylov qizg‘in ijtimoiy-siyosiy jarayon,– deydi N.Choriyeva.–Unda har bir saylovchining ovozi muhim ahamiyatga ega. Bu jarayondan samarali foydalanishimiz Asosiy qonunimizda ham mustahkamlab qo‘yilgan. Shu bois davlat rahbari saylashda qatnashish huquqimdan foydalanib, muddatidan oldin ovoz berdim. Prezidentlikka nomzodlarning dasturlari, maqsadlari bilan tanishib, o‘zimga ma’qul to‘xtamga keldim. Saylov kuni mahallada bo‘lolmasligim tufayli muddatidan oldin ovoz berdim.
9– Surxondaryo saylov okrugi hududidagi saylov uchatskalarida 9 ming 645 nafar komissiya a’zosi faoliyat yuritmoqda. Barcha saylov uchastkalarida aholi muddatidan oldin ovoz berish vaqti bilan tanishtirilgan. Muddatidan oldin ovoz berish 5 iyulgacha davom etadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA