Surxondaryolik paxtakorlar zafar quchdi
Surxondaryo viloyati paxtakorlari mamlakatimizda birinchi bo‘lib joriy yilgi paxta topshirish shartnomaviy rejasini ortig‘i bilan bajardi. Qabul shoxobchalariga 275 ming 600 tonnadan ortiq sifatli xom ashyo topshirildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan paxtachilikda xorijning ilg‘or tajribalari qo‘llanilayotgani, paxtachilik-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilib, chigit ekishdan hosil pishib yetilguncha nihollar mehr bilan parvarishlanayotgani, dehqon va fermerlar uchun sohaning daromad manbaiga aylangani viloyat mirishkorlarining yutuqlarni yildan-yilga mustahkamlashiga qulay muhit yaratdi. Jumladan, ob-havo noqulay kelgan va suv tanqisligi kuzatilgan bu yilgi sharoitda ham viloyat paxtakorlari boy tajribalaridan oqilona foydalanib, mo‘l hosil yetishtirdi.
Hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib olish uchun 1 ming 277 ta terim otryadi tashkil etilib, terilgan xom ashyoni qabul shoxobchalariga yetkazib berish uchun 2 ming 10 ta traktor va 2 ming 965 ta tirkama jalb etildi.
Shu yildan vohada xorijiy tajriba asosida yuqori hosildor navlarni parvarishlash sinovdan o‘tkazilib, ayrim yer maydonlarida gektariga 80 sentnergacha hosil olindi. Shuningdek, Xitoydan keltirilgan 60 ta zamonaviy paxta terish mashinalari hosilni qisqa vaqtda va sifatli yig‘ib olishda muhim ahamiyat kasb etdi. Fidokorona mehnat, klaster va fermer xo‘jaliklarining oqilona yondashuvi bilan janubdagi voha paxtachilikda yana mamlakatimizda birinchi o‘rinni egalladi.
Viloyatning paxta rejasini bajarishda faol ishtirok etgan mexanizatorlar, suvchilar, terimchilar, barcha mehnatkashlar va xo‘jalik rahbarlari mehnati munosib rag‘batlantiriladi. Vohada yig‘im-terim qizg‘in davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA