Surxondaryodagi 135 ta jome masjidda hayit namozi ado etildi
Surxondaryo viloyatining Termiz shahri va tumanlaridagi jome masjidlari erta tongdan mo‘min-musulmonlar bilan gavjum bo‘ldi. Ular bugungi tinch-totuv va to‘kin turmushga shukrona keltirib, ezgu tilak va niyatlar bilan Qurbon hayiti namozini o‘qidi.
Termiz shahridagi Hakim Termiziy jome masjidida Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida atroflicha so‘z yuritildi. Muqaddas ayyom kunlari aholinining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor va ko‘rsatilayotgan mehr-saxovat to‘g‘risida fikr almashildi. Bunday ulug‘ amallar xalqimiz o‘rtasida millatimizga xos hamjihatlik, mehr-shafqat, bag‘rikenglik kabi yuksak fazilatlarni yanada keng namoyon etayotgani ta’kidlandi.

Qurbon hayiti munosabati bilan viloyatdagi 135 ta jome masjidida amalga oshirilgan ibodatlarda 200 mingga yaqin namozxon ishtirok etib, Vatanimiz tinchligi, elimiz farovonligi, dasturxonlarimiz to‘kinligi va yurtimiz taraqqiyoti uchun duoga qo‘l ochdi.
Vohada bu yilgi hayit ayyomi nafaqat diniy marosim, balki mehr-muruvvat, saxovat va bahamjihatlik bayrami sifatida ham kam ta’minlangan, nogironligi bor va ehtiyojmand insonlar, bemorlar qalbidan chuqur joy olmoqda.

Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq viloyatda keng qamrovli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari amalga oshirilmoqda. Xususan, qutlug‘ hayit munosabati bilan 642 nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, ularda nogironlikning oldi olinadigan bo‘ldi. 647 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning depozit hisoblariga qo‘shimcha 200 dollardan mablag‘ o‘tkazildi. 138 nafar onkologik, gematologik va onkogematologik bemorlarning tashxislash hamda davolash xarajatlari qoplanib, 10 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi bo‘yicha jarrohlik amaliyotlari moliyalashtirildi. Shuningdek, “ijtimoiy reyestrga” kiritilgan 20 ming 139 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari to‘plami topshirildi.

Qurbon hayiti namozi yakunlangach, mo‘min-musulmonlar bir-birlarini bayram bilan tabriklab, ezgu tilaklarini bildirdi.

Viloyatda mehr-saxovat, bag‘rikenglik tadbirlari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri