Prezident topshirig‘i – amalda
Termiz shahrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zLiDeP fraksiyasi yerdan samarali foydalanishni ta’minlash, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni kamaytirish va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida qo‘llaniladigan koeffitsiyentlarni belgilanish tartiblariga bag‘ishlangan seminar tashkil edi.

Joriy yilning 18 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgandi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tuman, shaharlarda yer solig‘i va ijara to‘lovlari uchun belgilangan minimal qiymatlarga oshiruvchi koeffitsiyent belgilash ishlarini xalq deputatlar viloyat Kengashlari bilan kelishib, tadbirkorlarning imkoniyati va moliyaviy ahvolidan kelib chiqqan holda tashkil qilish borasida mahalliy kengash deputatlariga tushuntirish olib borish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berilgan edi.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov, Qonunchilik palatasi deputati Husan Yarqulov, xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashi raisi Abdurayim Choriyev, mahalliy kengash deputatlari, tuman va shahar kengashlarining mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raislari, viloyat hokimligi iqtisodiyot va moliya, soliq, kadastr idoralari, savdo-sanoat palatasi, kambag‘allikni qisqartirish hamda bandlik boshqarmalari vakillari ishtirok etdi.

Seminarda aynan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun soliq stavkalarining belgilanishi, ushbu resursdan foydalanish samaradorligini oshirish, yer ajratilishida adolatli yondashuvni ta’minlash haqida atroflicha fikr almashildi. Koeffitsiyentlarni qo‘llashda hududlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy farqlarni inobatga olish, sarmoya jalb etilmagan yoki infratuzilmasi rivojlanmagan hududlarda tadbirkorlikni rag‘batlantirish, yer resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, davlat byudjetiga barqaror tushumlarni shakllantirish maqsadida qo‘llash lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, ushbu koeffitsiyentlar mahalliy sharoit va iqtisodiy imkoniyatlardan kelib chiqib belgilanishi, ularning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari chuqur tahlil qilinishi qayd etildi.
Amaldagi Soliq kodeksiga muvofiq qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallanmagan yerlarning 1 gektari uchun soliq stavkalarining aniq miqdori belgilab qo‘yilgan. Masalan, Surxondaryo viloyatiga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun bazaviy stavka 35,2 million so‘m, Oltinsoy tumaniga 1,2 koeffitsiyent qo‘llanishi evaziga soliq stavkasi 1 gektar yer maydoni uchun 42,2 million so‘m etib belgilangan. Xalq deputatlari tuman Kengashi Zardaqul mahallasiga 0,7 koeffitsiyentni qo‘llash orqali bu yerda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarining 1 gektari uchun 29,5 million so‘m miqdoridagi soliq stavkasini saqlab qolgan.
Joriy yil 1 yanvardan boshlab “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunida soliq solish maqsadida qo‘llaniladigan ko‘chmas mulk ijara qiymatining 1 kvadrat-metri uchun o‘rnatilgan minimal miqdorlariga nisbatan tumanlar va shaharlar kesimida ularning iqtisodiy rivojlanishi darajasiga qarab ikki miqdorgacha oshiruvchi koeffitsiyentni joriy etishga haqli ekani belgilab berildi. Bunda viloyatning Termiz shahridagi turar va noturar joylar uchun oylik ijara to‘lovi stavkalarining eng kam miqdoriga (mos ravishda 13,5 ming so‘m va 26,5 ming so‘mga) 1,2 koeffitsiyent qo‘llanilishi evaziga turar joyning 1 kvadrat-metri uchun 16 ming 200 so‘mni, noturar joylarning 1 kvadrat-metri uchun 31 ming 800 so‘mni tashkil etdi. Biroq, amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, mahalliy Kengashlar tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati deyarli teng bo‘lgan tuman, shaharda har xil oshiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llanilgan. Misol uchun, Qiziriq va Oltinsoy tumanlari bir xil ya’ni beshinchi toifadagi tumanlar bo‘lsa-da, ikki xil oshiruvchi koeffitsiyentni qo‘llagan. Bu o‘z navbatida har xil imkoniyat va sharoitlarga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga turlicha ta’sir ko‘rsatmoqda.
Seminarda ta’kidlanishicha, soliq stavkalariga oshiruvchi koeffitsiyentlarning belgilanishida aniq mezon va mexanizmlar ishlab chiqilmagan. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida ushbu masalaga oqilona yondashuvning ta’minlanmasligini tegishli doimiy komissiyalar yetarlicha tahlil qilmayotganini ko‘rsatmoqda.
Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarga soliq stavkalari va oshiruvchi koeffitsiyentlarning oqilona belgilanishi nafaqat yer resurslaridan samarali foydalanish, shuningdek, tadbirkorlik faolligini oshirib, mahalliy byudjetga tushumlarni ko‘paytirishda muhim omil bo‘ladi. Shu bois bu borada qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar ilgari surildi.
Tadbirda mavzu yuzasidan viloyat moliya va iqtisodiyot, davlat soliq, kadastr boshqarmalari boshliqlarining axborotlari eshitildi.
Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raislariga yer solig‘i va ijara to‘lovlari uchun belgilangan minimal qiymatlarga oshiruvchi koeffitsiyentlarni belgilashda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasidagi farqlanishlarni e’tiborga olib, sarmoya jalb etilmagan yoki infratuzilmasi rivojlanmagan hududlarda tadbirkorlikni rag‘batlantirish, yer resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, davlat byudjetiga barqaror tushumlarni shakllantirish, joylarda qayta xatlov o‘tkazish, fuqarolar va tadbirkorlar manfaatlarini inobatga olib, aniq takliflar asosida qaror qabul qilish tavsiya etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri