Surxondaryoda yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik va totuvlik sharaflanmoqda
Surxondaryo viloyatidagi mahallalarda Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar “Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘langan yurt”, “Vatan yagonadir, Vatan bittadir”, “Qudratimiz – birlik va hamjihatlikda”, “Do‘st bilan obod uyimiz”, “Qo‘shnichilik – ming yilchilik”, “Birlashgan o‘zar”, “Buyuk kelajakni birga quramiz” shiorlari ostida o‘tkazilmoqda.
Uch davlat bilan chegaradosh vohaning 724 mahallasidagi 720 ming 500 dan ortiq oilada 20 dan ziyod millat va elat vakillari osuda, obod, to‘kin yashamoqda. Joylarda bo‘lib o‘tayotgan tadbirlarda millatlararo totuvlik, do‘stlik va hamjihatlik, yaqin qo‘shnichilik va ahillik, milliy qadriyat hamda urf-odatlar keng tarannum etilayotir.

Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh Uzun tumanidagi Istiqlol mahallasida bo‘lib o‘tgan tadbir hududda yashaydigan o‘zbek va tojik xalqlarining do‘stlik va qardoshlik bayramiga aylandi.
Mahalla ahli yagona maqsad yo‘lida birlashib, sumalak va boshqa milliy bahor taomlarini tayyorlashdi. Amaliy san’at va hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. “Oq terakmi – ko‘k terak”, “Kuch sinash”, “Arqon tortish”, “Chillak”, “Yurtim polvonlari” kabi milliy o‘yinlar “Varraklar sayli” o‘tkazildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda keyingi yillarda yon qo‘shnilarimiz bilan o‘tmishdan quda-anda bo‘lib ketgan yaqin birodarlik, do‘stlik va ishonchli hamkorlik munosabatlarimiz yangi bosqichda qayta tiklandi. Yurtimizni yon qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan bog‘laydigan Surxondaryo viloyatidagi chegara-bojxona postlari ochilib, o‘zaro bordi-keldi aloqalari keng yo‘lga qo‘yildi.
Sharqona Yangi yilga bag‘ishlangan tadbirda keyingi yillarda yuz bergan asrlarga tatigulik ana shunday yangilanishlar e’tirof etilib, azaliy va abadiy do‘stlik rishtalarimiz sharaflandi.

Uzun tumanidagi o‘nta mahalla fuqarolar yig‘ini qo‘shni Tojikiston bilan chegaradosh. Ularda 38 ming 400 dan ortiq aholi yashaydi. Ularning 4 ming 900 ga yaqini tojik birodarlardir. Shuningdek, Istiqlol mahallasida istiqomat qilayotgan 3 ming 637 kishining 1 ming 500 nafarini tojik millatiga mansub aholi tashkil etadi. Mahalla ahli yon qo‘shni davlat bilan quda-anda bo‘lib ketgan.
– Bundan 33 yil muqaddam shu mahallaga kelin bo‘lib tushgan edim, – deydi Istiqlol mahallasida yashaydigan Dilorom Olimova. – O‘tgan yili O‘zbekiston fuqaroligini oldim. Turmushimiz yaxshi. Tinch, to‘kin hayot kechiryapmiz. Lekin, kelin bo‘lib tushganimdan buyon o‘n yillab bolaligim o‘tgan xonadonni sog‘inib yashadim. O‘sha paytlarda chegaradan o‘tib, qaytish juda mushkul ish edi. Qavm-qarindoshlarimni ko‘rolmadim. Hozir uch farzandim, olti nevaram bor. Istagan paytimda borishim, to‘y tomoshalarida ishtirok etishim, oylab mehmon bo‘lishim mumkin. Qarindoshlarimizning biznikiga mehmonga kelishi uchun ham xuddi shunday sharoit yaratilgan. Buning uchun davlatimizdan juda minnatdormiz.

O‘zbek va tojik millati vakillari yashayotgan mahallaning bayram shodiyonalariga ikki xalq qardoshligini ulug‘lagan milliy kuy-qo‘shiqlar o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Shuningdek, bugun vohaning Sariosiyo, Termiz, Sherobod, Sho‘rchi kabi tumanlari va Termiz shahridagi mahallalarda ham millatlararo totuvlik, birlik hamda hamjihatlik, yaqin qo‘shnichilik ulug‘langan bayram shodiyonalari yuksak saviyada o‘tkazildi.

Tadbir viloyatdagi boshqa mahallalarda ham davom etadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri