Surxondaryoda yangi xususiy klinika ish boshladi
Termiz shahridagi Manguzar mahallasida “Avitsenna impuls” xususiy klinikasi foydalanishga topshirildi.
Yangi tibbiyot muassasasini “Termiz Boysun Qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati sobiq “Do‘stlik” xo‘jaligi idorasini Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasidan 1 milliard 200 million so‘m investitsiya kiritish va 22 ta yangi ishchi o‘rni yaratish sharti bilan “nol” qiymatda xarid qilib, bunyod etdi.

– Klinikamiz xorijning eng zamonaviy tibbiy uskunalari bilan jihozlangan, – deydi bosh shifokor Abdulla Jumayev. – Yurak-qon tomir, nafas tizimi, erkaklar va ayollar bepushtligi, ovqat hazm qilish organlari, o‘t, jigar, buyrak revmatik, endokrin kabi kasalliklarni davolash uchun barcha sharoit yaratilgan. Bo‘y o‘smasligi va ortiqcha vazn bo‘yicha ham aniq tashxis qo‘yib, samarali davolash imkoniyati mavjud. Bemorlarga sohaning malakali shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlari sifatli xizmat ko‘rsatadi. Mijozlar ultratovush tekshiruvi, EKG, klinik va bioximik tekshiruvlar, IFA, fizioterapiya bo‘limlari xizmatidan foydalanishi mumkin. 40 o‘rinli statsionar-umumiy terapiya bo‘limimizda davolanuvchilar uchun ikki kishiga mo‘ljallangan keng, yorug‘ xonalar qurilib, barcha qulaylik yaratilgan.

“Termiz Boysun Qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati bu yerga ikki yilda 6 milliard 540 million so‘m investitsiya kiritib, eski inshoot o‘rnida ikki qavatli yangi bino barpo etdi. Xorijning tibbiy dastgoh va uskunalari bilan jihozlab, besh shifokor, o‘n hamshira va o‘n nafar boshqa xodimni ish bilan ta’minladi.

Yangi tibbiyot muassasasining tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqdi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA