Prezident qarori – amalda
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Yangi yil arafasida Sariosiyo tumanidagi “Sangardak” turizm qishlog‘i hududida “Sangardak” turistik markazi qurilishiga tamal toshini qo‘yib berdi.

Prezidentimizning joriy yil 16 dekabrdagi “Surxondaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm ob’ektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Sariosiyo tumanidagi “Sangardak” turizm qishlog‘i, Boysun tumanidagi “Omonxona” hamda Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Oqtepa” suv omborining qirg‘oq bo‘yida turistik maskanlar qurish yuzasidan tegishli vazifalar belgilangan.


Viloyat rahbari, shuningdek, “Sangardak” qishlog‘ida “Zoom” platformasi orqali Boysun va Jarqo‘rg‘on tumanlarida bunyod etiladigan zamonaviy turistik markazlar qurilishiga ham start berdi. Dunyo sayyohlarini maftun etayotgan “Sangardak” turizm qishlog‘i hududidagi 615 gektar maydonda zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari, savdo ob’ektlari va boshqa yo‘nalishdagi “Sangardak” turistik markazi barpo etiladi. Shifobaxsh buloq suvi bilan jahonga tanilgan “Omonxona” qishlog‘i hududidagi 220,5 gektar, “Oqtepa” suv omborining qirg‘oq bo‘yi hududidagi 110 gektar maydonda mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun barcha qulayliklarga ega turistik markazlar quriladi.


Shu kuni Sho‘rchi tumanidagi Kushon podshohligining ilk poytaxti bo‘lgan Dalvarzintepa arxeologik yodgorligida ham qadimgi shahar qoldiqlari madaniy meros ob’ektini asrash uchun atrofini o‘rab, sayyohlarga zarur sharoit yaratishga qaratilgan qurilish-ta’mirlash ishlari boshlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri